09:22 / 22.01.2021
2620
Tibbiyot xodimlari kasbiy malakasini rivojlantirish markazining vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining «Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 19-son qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, quyidagilar Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat ko‘rsatuvchi rahbar xodimlar va tibbiyot xodimlari hamda tibbiy muhandis-texnik xodimlarning malakasini oshirish, qayta tayyorlash, shuningdek ushbu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatuvchi muassasalar faoliyatiga tashkiliy-metodik rahbarlik qilish;
  • kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash ta'lim jarayonlarini tashkil etishda ilm-fanni hamda sog‘liqni saqlash sohasida innovatsiya ishlarini keng joriy etish;
  • ta'lim jarayonini nazariy va amaliy ko‘nikmalarning uzviyligida tashkil etish hamda AKT, masofadan o‘qitish va telemeditsina uslublarini o‘quv jarayoniga keng tatbiq etish;
  • sog‘liqni saqlashning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish hamda ilmiy tadqiqotlar natijalarini tibbiyot amaliyotiga tatbiq etish.

Ma'lumot uchun, prezidentning 2020 yil 7 apreldagi PQ-4666-son qarori bilan:

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi etib qayta tashkil etildi;

Toshkent shahridagi 1-son respublika klinik shifoxonasi negizida Markazning ko‘p tarmoqli klinikasi tashkil etildi;

Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan va Sirdaryo viloyatlari hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida Markazning filiallari ochildi.
 
Markaz va Markaz klinikasi tegishlicha davlat muassasasi va davlat tibbiyot muassasasi hisoblanadi. Markaz direktori Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdimnomasiga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. Markaz direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari – Markaz klinikasi bosh shifokori Markaz ilmiy kengashining a'zolari tomonidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi hamda Markaz ilmiy kengashining taqdimnomasiga ko‘ra Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. 
 
Shuningdek qaror bilan Markaz va uning klinikasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari belgilandi.

Top