19:41 / 22.01.2021
96034
Toshkentdagi yangi zargarlik zavodi kimga tegishli?

Yangitdan tashkil etilgan «Gold Moon Tashkent» MChJ zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishi belgilangan. Ushbu korxona davlatga tegishli bo‘lgan «Fonon» korxonasi negizida ochilgan.

Davlat rahbarining 2019 yil 18 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi doirasida Toshkent shahridagi sobiq «Fonon» ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi hududida «Gold Moon Tashkent» MChJ tashkil etildi.

Yangilangan «Fonon»

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 15 yanvar kuni ushbu korxonaga tashrif buyurdi. Loyihani amalga oshirish uchun 20,8 million AQSh dollarlik mablag‘ jalb etildi. Italiya va Germaniyaning zargarlik tarmog‘ida yetakchi hisoblangan firmalaridan maxsus asbob-uskunalar keltirilgan.

Avval «Fonon» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi 2-zavodining eksperimental-konstruktorlik bo‘limi mudiri lavozimida ishlagan, ayni paytda «Gold Moon Tashkent» MChJ direktori o‘rinbosari Hikmat Mahmudovning aytishicha, turli xildagi tayyor va yarim tayyor zargarlik buyumlarini tayyorlashga 200dan ortiq mohir usta-zargarlar jalb qilingan. Ishlab chiqarish jarayonida italiyalik dizayner va texnik xodimlar hunarmand zargarlarga o‘z mahorat va tajribalarini o‘rgatmoqda.

Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, qimmatbaho metallar va toshlardan yiliga 6 tonna tayyor zargarlik buyumlari ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Kun.uz muxbiriga ko‘ra, zavodga xomashyo mamlakatimizdagi yirik tog‘-kon sanoati korxonalaridan birja savdolari orqali sotib olinadi. Tayyor zargarlik buyumlari «Fonon» brendi ostida ulgurji va chakana savdo orqali bozorga chiqariladi.

Zavodning egasi – Toshkent shahar hokimligi

Ochiq ma'lumotlar bazasida zavodning yagona ta'sischi va egasi sifatida Toshkent shahar hokimligi ko‘rsatilgan. Korxona ustav fondida 444 million 518 ming 600 so‘m mavjud.

Yangi zargarlik zavodi sobiq «Fonon» ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi bazasida tashkil etilgan bo‘lib, u 1995 yili hukumatning tegishli qarori bilan xususiylashtirilishi nazarda tutilgandi.

1996 yili Vazirlar Mahkamasi «Fonon» davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasining faoliyati masalalari to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi. Hujjatga ko‘ra, «Fonon» mamlakatda zargarlik sanoatida yagona ilmiy-texnika siyosatini ta'minlashi, raqobatbardoshli zargarlik buyumlari va toshlar ishlab chiqarish, olmoslarga ishlov berish, kristallar yetishtirishi zarur edi.

Hukumat qarori bilan, o‘shanda Burchmulladagi «Olmos» zavodini, uning «Suzana», «Binokor» shu'ba korxonalari bilan birga, 1997 yil 1 oktyabrdagi holatiga ko‘ra «Fonon» davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasiga balansdan balansga berilgandi.

Mazkur korxona 2017 yili prezident imzolagan hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi hukumatining qarorlariga asosan davlat tasarrufidan chiqariladigan va xususiylashtiriladigan davlat mulki obektlaridan biri, deb topildi.

2018 yili qabul qilingan prezident qaroriga ko‘ra, «Fonon» Davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi bilan «Hwachon Plant» (Koreya Respublikasi) va «Gemco Jewelry Co., Ltd» (Koreya Respublikasi) kompaniyalari konsorsiumi o‘rtasida «Stronghold Reserves Inc.» (AQSh) kompaniyasining ham ishtirokida 2017 yil 23 noyabrda imzolangan bitimga muvofiq, Toshkent shahrida umumiy qiymati 18,0 million AQSh dollariga teng bo‘lgan zamonaviy zargarlik buyumlari ishlab chiqariladigan korxonani tashkil etish bo‘yicha «UzGold and Jewelry» MChJ qo‘shma korxonasi barpo etilishi kerak edi. Ammo ushbu rejaning amalga oshirilmagan chog‘i, ayni paytda zargarlik zavodi qo‘shma korxona emas, qolaversa, u yakka egalik nazoratida ish boshladi.

Zargarlik sohasidagi soliq siyosati

Ayni paytda qimmatbaho metallar hamda mahalliy zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish qo‘shimcha qiymat solig‘i va aksiz solig‘idan 2022 yil 1 iyulga qadar ozod etilgan.

2017 yil 1 oktyabr kunidan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan qimmatbaho metallardan zargarlik va boshqa buyumlar ishlab chiqarish Markaziy bank huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi, ya'ni zargarlik buyumlarini litsenziyasiz ishlab chiqarish noqonuniy hisoblanadi.

Top