09:41 / 23.01.2021
4985
Bo‘stonliqqa olib boruvchi yo‘lning ma'lum qismida mashinalar uchun harakat vaqtincha bir tomonlama tashkil etildi

Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududlaridagi dam olish maskaniga olib boruvchi yo‘lning ma'lum qismida avtotransport vositalari uchun harakat vaqtincha bir tomonlama tashkil etildi. Bu haqda IIV YHXBB axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, tog‘li hududlarda qor yog‘ganligi munosabati bilan ko‘plab fuqarolar ayni dam olish kunlarida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi tog‘li hududlarida joylashgan dam olish maskanlariga uzluksiz ravishda tashrif buyurishmoqda. 

Tumandagi avtomobil yo‘llarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini inobatga olib, turli ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida “4R-12” “Bektemir-Chorbog‘” avtomobil yo‘lining 61-kilometridan “4R-6” “Toshkent-Chirchiq-Chimyon” avtomobil yo‘lining 57-kilometriga o‘tish qismidan, ya'ni Bo‘stonliq tumanining G‘azalkent shahridan chiqish joyidan to “4R-6” avtomobil yo‘lining 87-kilometriga, ya'ni Bo‘stonliq tumani “Yusufxona” aholi yashash joyiga qadar avtomobillar harakatlanishi vaqtincha bir tomonlama tashkil etildi. 

“Ushbu holatda barcha haydovchilardan vaziyatni to‘g‘ri tushunib, o‘rnatilgan yo‘l belgilariga rioya qilishni, xizmatga jalb qilingan YPX inspektorlarining ishora va ko‘rsatmalariga amal qilib harakatlanishni so‘rab qolamiz”, - deyiladi ma'lumotda.

Top