16:10 / 24.01.2021
18137
AQSh Janubiy Xitoy dengiziga aviazarba beruvchi guruh jo‘natdi

Tayvan hukumati Xitoyning sakkizta bombardimonchi va to‘rtta qiruvchi samolyoti Tayvan janubi-sharqiga kirgani haqida xabar qildi.

Foto: MC2 Kaila V. Peters/US Navy

Pentagon Janubiy Xitoy dengiziga "Teodor Ruzvelt" aviatashuvchi kemasi boshchiligidagi aviazarba beruvchi guruhni jo‘natdi. Bu haqda The Japan Times gazetasi xabar bermoqda.

 AQSh qurolli kuchlari Hind-Tinch okeani qo‘mondonligining bildirishicha, gap AQSh 7-floti kuchlarining rejalashtirilgan joylashuvi to‘g‘risida bormoqda.

 AQSh harbiy-dengiz kuchlari guruhi Luson bo‘g‘ozini shanba kuni kesib o‘tdi. Shu kuni Tayvan hukumati Xitoyning sakkizta bombardimonchi va to‘rtta qiruvchi samolyoti Tayvan janubi-sharqiga kirgani haqida xabar qildi.

 AQSh davlat departamenti Xitoyni Tayvanga turli bosimlar o‘tkazishni to‘xtatishga chaqirdi.

Davlat departamenti vakili Ned Praysning so‘zlariga ko‘ra, AQSh "bundan buyon ham Tayvan bo‘g‘ozi bilan bog‘liq masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilishni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi".

Uning qo‘shimcha qilishicha, Vashington Tayvanga mudofaa salohiyatini yetarlicha darajada saqlab turishga yordam beradi.

Top