23:43 / 24.01.2021
11980
Saudiya Arabistoni kompaniyasi O‘zbekistonda uchta energetika loyihasi ijrosiga kirishdi

ACWA Power kompaniyasi O‘zbekistonda ekologik toza energiya ishlab chiqaruvchi uchta stansiya quradi. Investitsiya loyihalari qiymati 2,5 mlrd dollarga teng. Uchta stansiyaning umumiy quvvati 2 500 MVt bo‘ladi.

24 yanvar, yakshanba kuni Toshkentdagi «Hilton» mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni qirolligi o‘rtasida bir nechta kelishuvlar imzolandi va rejadagi loyihalarga rasman start berildi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda ACWA Power kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik tufayli 2020 yil mart oyida imzolangan kelishuvlar ijrosi doirasida O‘zbekistonda ekologik toza energiya ishlab chiqarishni 2500 MVtga oshirish mo‘ljallanmoqda.

Xususan, Sirdaryo viloyati Shirin shahrida 1500 MVt quvvatli issiqlik elektr stansiyasi qurilishi boshlandi.

Shu bilan birga, ikkita ESK hamda Buxoro va Navoiy viloyatlarida shamol elektr stansiyalari tashkil etish bo‘yicha investitsiyaviy kelishuv imzolandi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Energetika vaziri Alisher Sultonov bu kelishuvlarning ahamiyati juda katta ekanini ta'kidladi.

Alisher Sultonov

«O‘zbekistonda ekologik toza energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish ma'lum vaqt davomida ishlanmalar va investitsiyalar sohasidagi ko‘plab maqsadlarga erishishni ko‘zda tutadi. Rejalarimizning samarali amalga oshirilishi O‘zbekistonga katta miqdordagi investitsiyalarni jalb qilish va mamlakatimiz energetik maqomini oshirish imkonini beradi», – dedi vazir jurnalistlar bilan suhbatda.

Top