22:11 / 24.01.2021
12186

SpaceX fazogirlik tarixidagi rekord parvozni amalga oshirdi

SpaceX kompaniyasi 24 yanvarda bortida 143ta sun'iy yo‘ldosh bo‘lgan Falcon 9 raketasini fazoga uchirdi. Bu fazogirlik tarixida bir vaqtda fazoviy qurilmalarning orbitaga chiqarilishi bo‘yicha rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. 

Foto: Reuters

Raketa Floridadagi kosmodromdan AQSh Sharqiy sohili vaqti bo‘yicha soat 10da start olgan.

Raketa bortida 30ta buyurtmachining 143ta, jumladan Starlink internet tarmog‘ining 10ta sun'iy yo‘ldoshi orbitaga chiqariladi. Qurilmalarning umumiy og‘irligi 5 tonnani tashkil qiladi. Kompaniyada ta'kidlanishicha, bu bir parvoz vaqtida orbitaga chiqarilgan eng ko‘p sondagi fazoviy qurilma hisoblanadi.   

Dastlabki rejaga ko‘ra, raketa 23 yanvarda start olishi kerak edi, biroq yomon ob-havo sababli parvoz bir kunga qoldirilgan.

Raketa startidan 9 daqiqa keyin uning birinchi pog‘onasi Atlantika okeanidagi maxsus platformaga qo‘ndirilgan. Bungacha ushbu pog‘ona bir necha marta takror ishlatilgan. 

20 yanvarda ham Falcon 9 raketasi Starlink’ning 60ta sun'iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqqandi. Joriy parvoz ushbu loyiha doirasidagi 17-parvoz hisoblanadi. Bungacha loyiha doirasida orbitaga chiqarilgan sun'iy yo‘ldoshlar soni 1013taga yetgandi.

Mavzuga oid
Top