14:51 / 25.01.2021
13340

Aksilkorrupsiya agentligi «Coca Cola Ichimligi»ni xususiylashtirish bo‘yicha tenderni to‘xtatishni talab qildi

Agentlikning fikricha, tender shartlari adolatsiz, raqobatni cheklaydi va korrupsiyaga zamin yaratadi. Agar talablar yumshatilmasa, O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga «sezilarli darajada zarar yetishi» mumkin.

Foto: REUTERS/Darren Whiteside/Files

«Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» MChJ (CCIU) ustav fondining 57,118 foizga teng davlat ulushi sotuvga qo‘yilishi jarayonlari amaldagi qonunchilik va tartiblarga zid ravishda o‘tkazilayotgan bo‘lishi mumkin.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi shu haqdagi murojaatlarni o‘rganib chiqqanini ma'lum qildi.

Aniqlanishicha, davlatning bu kompaniyadagi ulushini sotish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tenderning bir qator shartlari savdolarda qatnasha oladigan shaxslar doirasi keskin kisqarishiga va korrupsiyaga sharoit yaratadi.

Agentlikning fikricha, bunday «o‘ta yuqori va asoslantirilmagan talablar» natijasida tenderning ehtimoliy ishtirokchilari soni sun'iy cheklab qo‘yiladi.

«Ehtimoliy ishtirokchilar sonini keskin cheklash tender shartlarini bajara oluvchi kam sonli ishtirokchilar o‘rtasida haqiqiy raqobat bo‘lmasligiga va natijada davlat ulushiga past narx taklif etilishiga hamda buning oqibatida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy manfaatlariga sezilarli darajada zarar yetkazilishiga olib kelishi mumkin», – deyiladi xabarda.

Idora tegishli organlarga quyidagi choralarni ko‘rish maqsadga muvofiqligi yuzasidan taqdimnoma kiritgan:

  • tenderda yetarli raqobatga imkoniyat yo‘qligi sababli uni to‘xtatish;
  • tenderga ko‘proq talabgorlarni jalb qilish hamda ishtirokchilarga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida xalqaro moliyaviy va huquqiy maslahatchilarning xulosalari asosida tender shartlarini yumshatish.

Eslatib o‘tamiz, Coca Cola Uzbekistan xususiylashishi haqida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2020 yil 16 dekabr kuni e'lon bergan edi.

Oradan ikki hafta o‘tib, kompaniyadagi davlat ulushini sotib olish uchun 3ta taklif tushgani ma'lum qilindi.

  • Jarayonda moliyaviy maslahatchi sifatida Rothschild & Co investitsiya banki, yuridik maslahatchi sifatida Dentons yuridik firmasi, hisobotlar bo‘yicha KPMG jalb etilgan.
  • «Coca-Cola Bottlers Uzbekistan, Ltd»dagi davlat ulushini xususiylashtirish uchun sotish masalasi 2018 yildan buyon yangrab keladi.
Top