14:43 / 25.01.2021
10746
Jizzaxdagi ko‘p qavatli uyning qolgan qismini buzish uchun 8 ming metr kubdan ortiq tuproq keltirildi

Joriy yilning 10 yanvar kuni Jizzax shahridagi “Zilol” mahallasi Mustaqillik ko‘chasining yondosh qismida qurilayotgan ko‘p qavatli uyning bir qismi qulab tushgandi. Ayni kunlarda Qurilish vazirligining soha xodimlari nazorati ostida ushbu ko‘p qavatli binoning qolgan qismi ham tadbirkor hisobidan buzilmoqda.

6 qavatli binoning qolgan qismini buzish uchun barcha darajadagi xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Ko‘p qavatli binoga yondosh qismda joylashgan savdo do‘konlarida ish to‘xtatilgan. Yon atrofdagi ikkita 2 qavatli xonadonning ma'lum qismida yashovchi aholi xonadonlaridan chiqarilgan.

"Hozirda bino atrofiga 4 qavat balandlikda 8 ming metr kubdan ortiq tuproq olib kelib zichlandi. Ammo binoning yerto‘la qismi hali bo‘sh turibdi. Buzish jarayonida yana pastdan yuqoriga tuproq olib chiqilib, yerto‘la qismlar ham to‘ldiriladi", deydi 12-trest uchastka boshlig‘i Farid Abdullin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 yanvar kuni Jizzax shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli binoning bir qismi qulab tushdi. Hodisa natijasida halok bo‘lgan va jabrlanganlar qayd etilmadi. Ushbu hodisaga munosabat bildirgan qurilish vaziri Botir Zokirov binoning qolgan qismi ham buzilishini, buning uchun bino atrofiga 10 ming metr kub tuproq olib kelinishini ma'lum qilgandi.

Mavzu
Jizzaxda 6 qavatli bino qulashi
2021 yil 10 yanvar kuni Jizzax shahrida yangi qurilib, hali foydalanishga topshirilmagan ko‘p qavatli uy qulab tushdi.
Barchasi
Top