17:14 / 25.01.2021
6861
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida MDH ulushi ketma-ket 3 yilda kamayib boryapti

2020 yilning yanvar-dekabr oylari O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida Mustaqil davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) davlatlari ulushi 32,6 foizni, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi(YeOII) davlatlarining ulushi 27,1 foizni tashkil qilgan.

Foto: e-cis.info

Davlat statistika qo‘mitasi axborotiga ko‘ra, 2020 yilning yanvar-dekabr oylarida mamlakat tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlarining ulushi 32,6 foizni tashkil etib, 2019 yilning mos davriga nisbatan ulushi 2 foizga kamaygan.

Mos ravishda 2018 yilda respublika tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlari ulushi 36,3 foizni, 2019 yilda 34,6 foizni tashkil qilgan. Oxirgi yillarda MDH davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasining pasayishi davom etmoqda.

O‘tgan yil davomida MDH davlatlari bilan umumiy savdo aylanmasi 11,83 milliard AQSh dollarini tashkil qilib, shundan eksport – 4,09 milliard AQSh dollar, import hajmi esa – 7,73 milliard AQSh dollar qayd etilgan. Passiv tashqi savdo aylanmasi – 3,64 milliard AQSh dollarini tashkil etgan.

MDH mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasining eng yuqori hajmlari Rossiya (47,7 foiz),  Qozog‘iston (25,5 foiz),  Qirg‘iziston (7,6 foiz), Turkmaniston (4,5 foiz) va Tojikiston (4,2 foiz) davlatlari bilan qayd etilgan.

O‘z navbatida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) davlatlari bilan umumiy tashqi savdo aylanmasi 9,82 milliard AQSh dollar (jami tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 27,1 foiz), shundan eksport hajmi 3,17 milliard AQSh dollar (jami eksportdagi ulushi 21 foiz), import hajmi 6,65 milliard AQSh dollar (jami importdagi ulushi 31,4 foiz) ekanligi qayd etilgan. Passiv tashqi savdo aylanmasi 3,48 milliard AQSh dollarini tashkil etgan.

Ma'lumot uchun, 2020 yil 11 dekabrda O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini olgan.

Avvalroq, 2020 yil yakunlari bo‘yicha respublikaning tashqi savdo aylanmasi 36,3 milliard AQSh dollarini tashkil qilib, 2019 yilning mos davriga nisbatan 5,4 milliard AQSh dollariga yoki 13,1 foizga kamayganligi ma'lum qilingandi.

Top