18:06 / 26.01.2021
11745

Blogerlar soliq to‘laydimi?

2020 yil 1 iyuldan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jismoniy shaxslarning jami daromadlari tarkibiga kiritilmasligi belgilangan. Blogerlar ham o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar toifasiga kiradimi?

Foto: pxhere.com

Davlat soliq qo‘mitasining Jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ismoilovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, «Telegram», «Instagram» kabi ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasi va katta auditoriyaga ega bo‘lgan, reklama joylashtirish orqali daromad oluvchi (chakana savdodan tashqari) o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida hisobga olingan bo‘lsa, ularning ushbu faoliyatdan topgan daromadlari soliqqa tortilmaydi.

«Shu bilan birga, internet tarmog‘i orqali xizmatlar ko‘rsatuvchi (ishlar bajaruvchi) o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga (frilansing) ko‘rsatilgan xizmatlar uchun kontrakt tuzmasdan, kelishuv to‘g‘risidagi ommaviy taklifni (oferta) qabul qilish yoki elektron yozishmalar almashish yoxud hisob-kitob fakturalarni (invoys), shu jumladan elektron shaklda taqdim qilish yo‘li bilan chet ellik jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish huquqi berildi », dedi u.

Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, faqat ijtimoiy soliqni (pensiya hisoblash uchun) 2020 yil uchun bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi (111,5 ming so‘m) 2021 yildan boshlab bir baravari (223 ming so‘m) miqdorida ixtiyoriy tartibda to‘lashi mumkin.

Qarorga asosan, ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat bilan (PR-menejyer, internet-marketolog, ijtimoiy tarmoqlarda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ilgari surish va reklama qilish (SMM), ijtimoiy tarmoq sahifalari administratori, akkaunt-menejyer, marketolog, link-menejyer, targetolog, kontekst-reklama bo‘yicha mutaxassis, direktolog, media rejalashtiruvchi, SMO mutaxassisi), o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishlari belgilandi hamda faoliyati davomida olgan daromadlari daromad solig‘iga tortilmaydi.

Bloger Nurbek Alimovning ushbu mavzu yuzasidan so‘zlariga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qiluvchilar aslida davlatning fuqarolarga ish topib berishi majburiyatidan soqit qiladi.

«Soliq davlatning asosiy mavjudlik manbalaridan biridir. Blogerlarga keladigan bo‘lsak, yaqinda o‘zini o‘zi band qiluvchilar haqida chiqqan qonunda blogerlar ushbu kategoriyaga kirishi nazarda tutilgan, ular daromad solig‘idan ozod qilingan. O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga daromad solig‘i solinmasligi – normal qaror. Chunki bunda u odamlar davlatdan hech narsa talab qilmaydi, o‘zining keyinchalik pensiya olishi uchun ham ixtiyoriy to‘lov qilishi mumkin», – deydi bloger.

Bloger Umid G‘ofurovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, u 2017 yildan buyon xususiy korxona egasi sifatida pensiya jamg‘armasiga har oy to‘lov qilib keladi. Shu bois, Umid bloger sifatida soliq to‘lamasligini ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda elektron tijoratni amalga oshirish faoliyati Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 iyundagi 185-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Elektron tijoratni amalga oshirish» qoidalari asosida tartibga solinadi. 

DSQ mulozimining ma'lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda savdo faoliyatini (onlayn kiyim-kechak va boshqa tovarlar savdosi) amalga oshirish orqali daromad olayotgan jismoniy shaxslar belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan holda (yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 maydagi «Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3724-son qaroriga asosan, milliy reyestrga kiritiladi va topgan daromadidan 2 foiz stavka bo‘yicha aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchisi bo‘lib hisoblanadi. 

Tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgandan keyin umumbelgilangan tartibda soliq to‘lovchisi bo‘lib hisoblanadi va foyda solig‘ini 7,5 foizda to‘laydi.

Mavzuga oid
Top