12:23 / 26.01.2021
8200

Imomali Rahmon: COVID-19 pandemiyasiga qaramay, Tojikistonda hayot yaxshilandi

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bugun mamlakat parlamentiga murojaat bilan chiqib, 2020 yilda Tojikiston koronavirus infeksiyasining tarqalishi sababli iqtisodiy muammolar va ishsizlikning ortishiga duch kelganini ma'lum qildi.

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Davlat rahbari o‘z murojaatida COVID-19 pandemiyasi tarqalishi munosabati bilan mamlakat hukumati milliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun favqulodda choralar ko‘rganligini ta'kidladi

«O‘tgan yili mamlakatda fuqarolarning hayoti bir oz bo‘lsa-da, baribir yaxshilandi», dedi prezident. 

Imomali Rahmonning so‘zlariga ko‘ra, Tojikiston hukumati o‘tgan yili milliy sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 1,6 milliard somoniy ajratdi, mamlakatda 30ga yaqin yangi kasalxonalar zudlik bilan foydalanishga topshirildi.

Pandemiyaga qarshi kurashish uchun kasalxonalarda yangi bemorlar uchun 7 mingdan ortiq yangi o‘rinlardan foydalanilgan bo‘lib, ularga 5 400 tibbiyot xodimi xizmat ko‘rsatdi. 

Tojikiston hukumati pandemiya paytida mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 450 million somoniy miqdorida turli xil imtiyozlarni taqdim etdi. Ularga qariyb 4 milliard somoniy miqdorida imtiyozli kreditlar taklif qilindi. 

O‘tgan yil davomida mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish 2019 yilga nisbatan 28 foizga o‘sdi. 

Prezident 2020 yilda mahalliy tadbirkorlar 18 300ta yangi obektni ishga tushirganini, u yerda 193 mingga yaqin Tojikiston fuqarosi ish bilan ta'minlanganligini ta'kidladi. 

Imomali Rahmonning ta'kidlashicha, o‘tgan yili mamlakatning 111 ming fuqarosi Tojikistondan mehnat migratsiyasi uchun chiqib ketgan, o‘tgan yillarda bu ko‘rsatkich 450-480 ming kishini tashkil etgan.

«Biz ma'lum darajada Tojikistonning o‘zida ehtimoliy mehnat muhojirlarining ma'lum qismini ish bilan ta'minlashga muvaffaq bo‘ldik», dedi u. 
 
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya oqibatlariga qaramay, o‘tgan yili Tojikiston iqtisodiyotining o‘sishi 2019 yilga nisbatan 4,5 foizni tashkil etdi, 2020 yilda mamlakat YaIM 82,5 milliard somoniyga teng bo‘ldi.

Uning ta'kidlashicha, o‘tgan yili Tojikiston o‘z iqtisodiyotiga 15 milliard somoniyga yaqin xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga muvaffaq bo‘lgan, bugungi kunda mamlakatda umumiy qiymati 55 milliard somoniy bo‘lgan 70dan ortiq umummilliy loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Bundan tashqari, Imomali Rahmon bu yil mamlakatda mablag‘larni legallashtirish bo‘yicha amnistiya e'lon qilinishini aytib o‘tdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday amnistiyalar dunyoning ko‘plab mamlakatlarida muntazam ravishda e'lon qilinadi, ammo Tojikistonda mustaqillik yillarida bu atigi bir marta kuzatilgan.

Top