17:33 / 26.01.2021
20142

Jamshid Xo‘jayev fotomuxbir olgan suratlarning o‘chirilishi yuzasidan munosabat bildirdi

O‘chirilgan suratlardan biri / Foto: Daryo.uz

Daryo.uz sayti fotomuxbiri Madina Nurman Buxoro shahriga xizmat safari paytida bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev va qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev aks etgan ikki fotosuratni o‘z Telegram-kanalida e'lon qilgan va ko‘p o‘tmay, rasmni o‘chirishga majbur bo‘lganini bildirgandi.

Madina Nurmanning so‘zlariga ko‘ra, suratlar e'lon qilingach, «Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatlari uchun xizmat qiluvchi tashkilot» vakillari fotomuxbirdan suratlarni o‘chirib tashlashni iltimos qilib so‘ragan hamda buni «bosim bo‘lyapti» deya izohlashgan.

«Rasmlar o‘chdi, afsuski. Shuhrat G‘aniyevning yonidagi vazir kanal muallifi tomonidan boshqa rasmga olinmaydi. Internetdan olamiz xabarlarimizga kerak bo‘lib qolsalar. Ming bor uzr!» – deya xabar qoldirgan fotomuxbir o‘z kanalida. Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, suratni o‘chirtirganlar bu postni ham o‘chirishni so‘rashgan.

O‘chirilgan suratlardan biri / Foto: Daryo.uz

Madina Nurmanning yuqoridagi izohidan keyin, O‘zbekistondagi ko‘plab blogerlar fotosuratchiga bosim bo‘lgan degan taxminda bu suratlarni o‘z kanallariga post qilib qo‘yib, ulasha boshladi.

Shu kunning o‘zida qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev feysbukdagi sahifasiga ikkala suratning skrinshotini joylab, bu voqealarga o‘z munosabatini bildirdi.

Vazirga ko‘ra, bu ishlar uning aralashuvi yoki topshirig‘i bilan bo‘lmagan.

«Xayplar qanday paydo bo‘lishiga endi shaxsan guvoh bo‘ldim. Mening o‘rnimga o‘ylab, faraz-u ixtirolar qilishni, bir tomonlama xulosalar chiqarishni davom ettirmasliklari, bularning barchasini xuddi mansabdorlar va OAVning to‘qnashuvi sifatida talqin etmasliklari uchun o‘z fikrlarimni bildirishga qaror qildim.

Bundan bir necha soat ilgari, kunduzi do‘stlarim ushbu ikki fotosurat bitilgan repostlarni yubora boshlashdi. Fotosuratlar meni umuman ajablantirmadi, chunki fotograf bizni suratga olayotganini ko‘rganman va ular yaqin orada internetga joylashtirilishini o‘shandayoq tushungan edim. Fotosuratchi qizni turli rasmiy tadbirlarda bir necha bor ko‘rganman.

Ajablanarli holat keyinroq bo‘ldi. Ushbu fotosuratlar muallif tomonidan go‘yoki mening aralashuvim bilan olib tashlangani haqidagi yangi xabarlar kela boshladi.

Keyinroq bilsam, fotosuratlar, aynan esa ularning ostiga yozilgan izohlarni vazirlik matbuot kotibi Nigora etikaga to‘g‘ri kelmaydi, degan xulosaga kelgan. Hamkasblari orqali fotosuratlar muallifi bilan bog‘lanib, tushuntirmoqchi bo‘lgan. Fotolar muallifi va ularni olib tashlashni iltimos qilganlar o‘rtasidagi muloqot qanday o‘tganidan bexabarman, ammo o‘zi jurnalist bo‘lgan Nigoraning aytishicha, muallif bilan hamkasb sifatida muloqot qilmoqchi bo‘lgan.

AGAR BOSIM YoKI TAZYIQ O‘TKAZILGAN BO‘LSA, ILTIMOS, MeNGA XABAR BeRING, BUNI BILIShNI ISTARDIM. (Feysbukda do‘stmiz, bemalol yozing)

Ammo unday emasligiga shubham yo‘q. Chunki ish mobaynida Nigorani juda yaxshi bilib olganman – u xushmuomala va andishali inson.

Agar bularning barchasi xayp uchun, «ochko» olish uchun qilinmayotgan bo‘lsa, har qanday ishda muloqot uchun o‘rin borligi haqida unutmaylik. Matbuot kotiblarining jurnalist va blogerlar bilan muloqotlari xaypga aylanmasligi lozim, bu ishga oid jarayonlar axir. Agar biror mutaxassis boshqasiga o‘z fikrini yetkazmoqchi bo‘lsa, boykot e'lon qilmasdan, bularning barchasini yangi axborot bahonalariga aylantirmasdan uni tinglash va haqiqatan ham eshitish mumkin albatta.

Fotosuratlar va, umuman, jurnalistikada shunday noodatiy formatlardan foydalanilishiga keladigan bo‘lsak, tan olish kerak, bu ancha qiziqarli va nostandart yondashuv. Shu boisdan mazkur ikki fotoni shu yerda, lentamda qoldiraman.

Madina, fotosuratlaringiz yaxshi chiqibdi, menga umuman rasmlariz yoqadi. Faqatgina o‘y-fikrlarimni noto‘g‘ri o‘qibsiz. Keyingi safar, marhamat, bemalol yaqinroq keling va savolingizni bering, men hamisha suhbat uchun ochiqman. Barchamizning ishlarimizga omad!» – deya yozgan vazir.

Daryo.uz Jamshid Xo‘jayevning bu izohini e'lon qilar ekan, unga quyidagi fikrlarni ham qo‘shimcha qilgan:

«Daryo.uz tahririyati yuz bergan bu holat nafaqat suratlarni, balki u yoki bu materiallarni ham o‘chirish yoki o‘chirishga teng darajada tahrirlashni so‘raydigan shaxslarga saboq bo‘ladi va ularni bunday o‘rinsiz iltimoslar oldidan jiddiy o‘ylab ko‘rishga undaydi, deb ishonadi».

Top