20:25 / 26.01.2021
24192
«Mahallabay» ishlash bo‘yicha yangi tizim tashkil etiladi

Mahalla raislari va shu tizimda ishlaydigan barcha xodimlar Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘qitiladi. Buning uchun maxsus dastur va qo‘llanmalar ishlab chiqiladi.

26 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yilda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

2021 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti kamida 5 foiz o‘sishi maqsad qilingan. Biroq global iqtisodiyotdagi noaniqlik uzoq davom etishi mumkinligi iqtisodiy o‘sishning qo‘shimcha zaxiralarini topish va safarbar qilishni talab etmoqda, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Shu bois prezident barcha darajadagi rahbarlarga o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi holatni o‘rganish, «o‘sish nuqtalari»ni aniqlab, ularni rivojlantirish vazifasini qo‘ymoqda.

Yig‘ilishda shu boradagi chora-tadbirlar va ularni amalga oshirish mexanizmi muhokama qilindi.

Iqtisodiy kompleks vakillarini mahallaga tushirib, vertikal tizimni, barcha organlar faoliyatini o‘zaro muvofiq yo‘lga qo‘yish kerakligi ta'kidlandi.

Davlat rahbari bu tizimga jalb qilinadigan mutaxassislarning bilim va imkoniyati masalasiga alohida e'tibor qaratdi. 20 mingdan ortiq xodimni o‘qitib, ularga masalani joyida hal etish bo‘yicha barcha vakolatlarni berish muhimligi qayd etildi.

Davlat boshqaruvi akademiyasiga mahalla raislari va mazkur tizimda ishtirok etadigan barcha xodimlar uchun o‘quvlar tashkil qilish, buning uchun maxsus dastur va qo‘llanmalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Har bir rahbarning mazkur tizimdagi shaxsiy mas'uliyati va javobgarligini belgilash, barcha jarayonlarga ko‘maklashuvchi onlayn elektron platforma yaratish zarurligi ta'kidlandi.

Prezident kambag‘allikni qisqartirish masalasiga yana bir bor to‘xtalib, mutasaddilarga aholini tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta'minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi rahbarlari 2021 yilda har bir tarmoq va hudud kesimida iqtisodiy o‘sishning qo‘shimcha manbalari to‘g‘risida hisobot berdi.

Yig‘ilishda ushbu rezervlarni to‘liq ishga solib, qo‘shimcha iqtisodiy o‘sishga erishish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash choralari ko‘rib chiqildi.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli bo‘lishini ta'minlash, narx oshishiga ta'sir ko‘rsatadigan omillarning oldini olish masalalariga yana bir bor to‘xtalib o‘tildi.

Sanoatda ham qo‘shimcha rezervlar aniqlangan. Ayniqsa, asosiy «drayver» bo‘lgan kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, charm-poyabzal sohalarida «sanoat zanjirlari»ni uzaytirish kerakligi ta'kidlandi.

Shuningdek, yirik davlat korxonalarini transformatsiya qilish, xarajatlarni va boshqaruv tizimini optimallashtirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.

Xizmatlar sohasida ham ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Shavkat Mirziyoyev ularni to‘liq safarbar etib, hududlarda servis shoxobchalarini ko‘paytirish, yangi zamonaviy xizmat turlarini kengaytirish zarurligini ta'kidladi. 2021–2023 yillarda xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturiga yoshlar keng jalb etilishi belgilandi.

Yig‘ilishda investitsiya loyihalari ijrosiga ham to‘xtalib o‘tildi. Joriy yilgi Investitsiya dasturi doirasida 1 752 ta obekt uchun qariyb 18 trillion so‘m budjet mablag‘lari ajratilgan. Bu mablag‘lardan oqilona foydalanish, loyiha hujjatlarini puxta ishlab chiqish va qurilishlar sifatini ta'minlash bo‘yicha qat'iy ko‘rsatmalar berildi.

Mutasaddilar iqtisodiy kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning o‘rta va quyi bo‘g‘inini mahallagacha tushirib, aholiga yaqinlashgan ish tizimini yo‘lga qo‘yish rejalari bo‘yicha axborot berdi.

Top