08:08 / 26.01.2021
4568

O‘zbekistonlik olimlar koronavirusning «britancha» shtammini aniqlovchi test tizimi ustida ish olib bormoqda 

O‘zbekistonlik olimlar COVID-19 virusining «britancha» shtammini aniqlovchi test tizimini yaratish ustida ish olib bormoqda. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Sh.Turdiqulova Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi muvaqqat ishlar vakili A.Suda bilan muzokara o‘tkazgan.

Innovatsion rivojlanish vaziri birinchi o‘rinbosari vazirlik tomonidan koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Xitoyning “Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan koronavirusga qarshi vaksinaning III faza klinik sinovlarini o‘tkazish jarayoni, koronavirusni aniqlovchi PZR test tizimlari ishlab chiqarilayotgani, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashga doir ilmiy tadqiqotlar haqida ma'lumotlar berdi. Mazkur tadqiqotlarni amalga oshirishda Yaponiyaning ushbu sohadagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va kompaniyalari bilan hamkorlikka tayyorligini bildirib o‘tdi.

Sh.Turdiqulova Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazi tomonidan PZR test tizimlarini yaratish va ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganini ma'lum qilib, ushbu markaz olimlari tomonidan COVID-19 virusining «britancha» shtammini aniqlovchi test tizimini yaratish ustida ish olib borilayotganini ma'lum qildi. 

Yaponiya elchixonasi vakillari bilan ushbu tadqiqotlarni amalga oshirishda hamkorlik qiluvchi yapon tashkilotlari va kompaniyalarini topishda amaliy ko‘mak berish masalasini ko‘rib chiqishga kelishib olindi, deyiladi xabarda. 

Top