11:54 / 26.01.2021
14143
Qurilish vazirligi Samarqandda qurilgan 9 qavatli uyning yuqori ikki qavati nima uchun buzilishiga izoh berdi

Ma'lum bo‘lishicha, obekt qurilishi respublika ishchi guruhi tomonidan o‘rganib chiqilgan hamda obekt Samarqand shahri tarixiy markazining muhofaza hududida joylashgani sababli turar joy binosining 8-9 qavatlari buzilishi belgilangan.

«Obekt qurilishi respublika ishchi guruhi tomonidan o‘rganib chiqilgan hamda obekt Samarqand shahri tarixiy markazining muhofaza hududida joylashganligi sababli turar joy binosining 7-qavatdan yuqori qismi - 8-9 qavatlari buzilishi belgilangan. Bugungi kunda «Past Darg‘om qurilish mollari» MChJ tomonidan qurilish-montaj ishlari to‘liq yakunlanmagani, respublika ishchi guruhi tomonidan qo‘yilgan talab bajarilmagani sababli mazkur obekt inspeksiya tomonidan foydalanishga qabul qilinmagan», - deyiladi Qurilish vazirligi matbuot xizmatining xabarida.

Qayd etilishicha, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha viloyat hokimligi tomonidan 2019 yil 1 martda 03-03/355-sonli chora-tadbir ishlab chiqilgan. Ko‘p xonadonli turar joy binosida gaz bosimi pastligi, elektr energiyasi va suv tizimidagi uzilishlarni bartaraf etish Samarqand viloyati qurilish bosh boshqarmasi hamda qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi vakolatlariga kirmasligi aytiladi. 

Bildirilishicha, Samarqand shahar hokimligi tomonidan 2019 yil 13 mart kuni shahar iqtisodiy sudiga binoning 7 qavatdan yuqorisini, ya'ni 8-9-qavatlarni buzish to‘g‘risida da'vo ariza kiritilgan. Sudning 2019 yil 8 maydagi ajrimi bilan ish yuritish tugatilgan. Madaniyat vazirligi hamda «ToshkentboshplanLITI» DUK bilan birgalikda bino balandligi hamda shaharsozlik normasi bo‘yicha xulosa berilgan. Binoni buzish bo‘yicha buyurtmachi tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda mulk egasi tomonidan buzish belgilangan.

«Bugungi kunda mazkur obekt Samarqand shahri tarixiy markazining muhofaza hududida joylashganligi sababli qurilishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ya'ni Madaniy meros boshqarmasi talablariga muvofiq obektning balandlik masalasi ko‘rib chiqilmoqda», - deyiladi ma'lumotda.

Samarqand shahar Firdavsiy ko‘chasi 84-manzilda joylashgan ko‘p qavatli bino «Past Darg‘om qurilish mollari» MChJ tomonidan qurilgan. 104 nafar fuqaroning yakka tartibdagi uy-joyi sotib olinib, o‘rniga pishiq g‘ishtdan 9 qavatli uy qurilgan. Binoda 534ta xonadon mavjud bo‘lib, 392tasi sotilgan.

Samarqand shahar hokimining 2017 yil 23 martdagi 399-Q-sonli qaroriga asosan ko‘p qavatli binoda qurilish ishlari olib borilgan.

«ToshkentboshplanLITI» tomonidan 2017 yilning 5 dekabr kuni ko‘p qavatli turar joy binosi uchun xulosa berilgan. 2017 yilning 6 mart kuni arxitektura rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilgan. 2017 yilning 22 avgust kunidagi arxitektura shaharsozlik kengashining 4-sonli bayonida ko‘p qavatli turar joy binosi qurilishi ma'qullangan. 2017 yilning 24 avgustida davlat ekspertizasining ko‘p qavatli turar joy binosini qurish bo‘yicha tegishli xulosasi olingan. Qurilish-montaj ishlarini olib borish uchun Qurilish nazorat inspeksiyasidan 2017 yilning 4 sentyabrda 794/17-sonli ruxsatnoma olingan.

Qurilish-montaj ishlari Samarqand viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan 2017 yilning 4 sentyabrdan 794/17-son bilan ro‘yxatga olingan va nazorat ishlari olib borilgan.

Top