21:22 / 27.01.2021
2915
2020 yilda 9 trillion so‘m QQS salbiy farq summalari budjetdan qoplab berilgan

2020 yilda tadbirkorlik sub'yektlarining uzluksiz ishlashlariga sharoit yaratish, aylanma mablag‘larini ko‘paytirish maqsadida 5,8 mingta sub'yektlarga 9 trillion so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘idan salbiy farq summalari budjetdan qoplab berilgan.

27 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» davlat dasturining 2020 yilda bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilindi.

Palata matbuot xizmati xabariga ko‘ra, majlisda karantin davrida tadbirkorlarga soliq to‘lovlari borasida yengillik berish borasidagi imtiyozlar to‘g‘risida ham so‘z borgan.

Ma'lum qilinishicha, hisobot davrida tadbirkorlik sub'yektlarining uzluksiz ishlashlariga sharoit yaratish, aylanma mablag‘larini ko‘paytirish maqsadida 5,8 mingta sub'yektga 9 trillion so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘idan salbiy farq summalari budjetdan qoplab berilgan.

Karantin davrida tijorat banklari tomonidan aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining 26,5 trillion so‘mlik kreditlar bo‘yicha to‘lovlarining muddatlari 2020 yil 1 oktyabrga qadar uzaytirilgan.

Shuningdek, majlisda mamlakatning 2020 yildagi yalpi ichki mahsuloti bo‘yicha ham muhokamalar bo‘lgan. Xususan, o‘tgan yili YaIMning o‘sishi 2019 yilga nisbatan 101,6 foizni, shundan, sanoat — 100,7 foizni, xizmatlar — 102,3 foizni, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi — 103,0 foizni tashkil qilgan.

Hisobot davrida 9,8 milliard AQSh dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgani ma'lum qilingan. Buning 7 milliard AQSh dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar, 2,8 milliard dollari xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

2020 yilda yalpi eksport hajmi 15,1 milliard AQSh dollarini tashkil etgan. 2,7 mingga yaqin yangi korxonalar eksport faoliyatiga jalb qilingan, 210ta yangi turdagi mahsulotlar hamda ayrim tovar pozitsiyalari bo‘yicha 40 ta yangi davlatning bozorlariga chiqishga erishilgan.

Xabarda qayd etilishicha, aholi bandligini ta'minlash sohasida 2020 yil davomida respublika bo‘yicha jami 378,1 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etilgan. 

Top