20:48 / 27.01.2021
12121
Kogon shahri to‘rtligi ishdan ketishi mumkin. Prezident shaharda yoshlar bilan ishlash darajasini tanqid qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni yoshlar bandligi masalasida selektor o‘tkazdi. Selektorda yoshlarning ko‘plab muammolari yechilmay qolayotgani tanqid qilindi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Misol uchun, Kogon shahar 2-sektor rahbari (shahar prokurori Yarashev) yoshlar bilan uchrashuvda ularning 3 nafarini bir hafta muddatda ish bilan ta'minlayman, deb va'da bergan. Lekin oradan bir oy vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, natija yo‘q», dedi prezident.

Davlat rahbariga ko‘ra, bu shahardagi birorta sektor rahbari joylarga tushib ishlamayapti. Shu tufayli prezident Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovga ertagacha Kogon shahri sektor rahbarlarining lavozimga loyiqligini o‘rganish bo‘yicha topshiriq berdi.

O‘zbekistonda 844 ming nafar yoshlar – ishsiz

Selektorda aytilishicha, hozirgi kunda O‘zbekistonda 18–30 yoshlilar orasida rasmiy ishsizlik 17 foiz yoki 844 ming nafarni tashkil etmoqda. Bu – umumiy ishsizlik darajasidan 1,5 baravarga ko‘p.

«Hisobga olinmagan ishsizlar soni esa bundan-da yuqori», – ta'kidladi prezident.

Ta'kidlanishicha, yoshlar muammolarini tizimli hal etish maqsadida, Respublika ishchi guruhi joylarda o‘g‘il-qizlarning takliflarini «mahallabay» o‘rganmoqda.

Bugungi kunga qadar Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent viloyatlari va poytaxtimizda 50 mingga yaqin yoshlar bilan muloqotlar o‘tkazilgan.

Bildirilgan taklif va istaklar asosida, tuman va shaharlar kesimida «Yoshlar dasturlari» tasdiqlangan.

Ma'lumot uchun, Kogon shahriga 2018 yil fevralidan buyon Hakim Hoshimov hokimlik qilib kelmoqda.

Top