12:09 / 27.01.2021
1391
SSV: 2020 yilda «Tez tibbiy yordam»ga 11,5 millionga yaqin murojaat kelib tushgan

2020 yilda respublika bo‘yicha «Tez yordam»ga 11,5 millionga yaqin murojaat tushgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu bevosita pandemiya bilan bog‘liqligini 2019 yildagi murojaatlar soni bilan solishtirib bilish mumkin. Ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yilda 103 raqamiga 10 millionga yaqin qo‘ng‘iroq bo‘lgan.

Hududlar kesimida olinsa, eng ko‘p murojaatlar Farg‘ona, Andijon, Toshkent, Namangan viloyatlari va Toshkent shahridan (1 milliondan ziyod) kelib tushgan bo‘lib, eng kam murojaat Navoiy (355 mingdan ortiq) hamda Sirdaryo (384 mingdan ortiq) viloyatlarida kuzatilgan. 

Ma'lum qilinishicha, pandemiya davrida tez tibbiy yordam tizimi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi dasturchilar markazining Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan hamkorlik loyihasi amalga oshirilmoqda. 

Ushbu loyiha doirasida Toshkentda «Tez tibbiy yordam xizmati faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish» xizmati mutaxassislari qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish va qayta ishlashni avtomatlashtirish, ma'lumot almashish va tez tibbiy yordam brigadalarini boshqarish bo‘yicha o‘qitildi. 

Endilikda qilingan murojaat to‘g‘ridan to‘g‘ri tez yordam brigadasiga elektron tarzda uzatiladi. Bu orqali chaqiriqdan bo‘sh bo‘lgan va chaqiriq manziliga eng yaqin bo‘lgan tez tibbiy yordam brigadasi xabar topadi va ularning harakati onlayn tarzda kuzatib boriladi.

Top