12:54 / 27.01.2021
5164

Toshkentda sovuq qurol va boshqa buyumlar topilishi bilan bog‘liq 655ta holat aniqlandi

Joriy yilning boshidan buyon Toshkent shahar IIBB xodimlari fuqarolardan sovuq qurol va boshqa buyumlar topilishi bilan bog‘liq 655ta holatni aniqlashdi. Bu haqda poytaxt IIBB xabarida aytilgan.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar IIBB xodimlari va Milliy gvardiya xizmatchilari tomonidan tekshiruvlar davomida 567ta pichoq, 3ta bolta, 11ta kastet, 34ta bita va boshqa buyumlar topildi.

Fuqarolarga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 185-2-moddasi (“Sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish”) bo‘yicha tegishli bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Shuningdek, o‘quv dargohlarida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida o‘quvchilardan 25ta pichoq, 7ta kastet va boshqa xavfli buyumlar topildi. O‘smirlarning ota-onalari bilan suhbatlar o‘tkazildi, ularning ba'zilariga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi (“Bolalarni tarbiyalash va ularga ta'lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik”) bo‘yicha bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda, jamoat joylarida ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurish — bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Top