15:31 / 27.01.2021
4910

Turkiya kompaniyasi O‘zbekistonda agrologistik majmua qurishni rejalashtiryapti

Turkiyaning «Öznakliyat Kara Taşımacılığı A.Ş»  kompaniyasi vakillari O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida mahsulotlarni saqlash, qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va qurish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini uzoq va yaqin masofalarga tashish borasida hamkorlik masalalarini o‘rganmoqda.

Foto: Getty Images

Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi axborotiga ko‘ra, 20 yanvar kuni Turkiyaning logistika sohasida ishlovchi «Öznakliyat Kara Taşımacılığı A.Ş» kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv tashkil etilgan.

Uchrashuvda meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini to‘g‘ri saqlash va chuqur qayta ishlash uchun zamonaviy agrologistik majmualarni qurish muhokama qilingan.

Agentlik xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 20 million tonnadan ziyod meva va sabzavotlar yetishtirilishi, ammo faqatgina 10 foizdan kamrog‘i eksport qilinadi.

O‘zbekiston tomoni qishloq xo‘jaligi majmuasini qurish uchun hudud sifatida Toshkent, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qilgan. Turkiya tomoni esa yirik chakana savdo tarmoqlariga sabzavot va mevalarni yetkazib berishdan ham manfaatdorligini va komplekslarni poytaxtga yaqinroqda qurish masalasini taklif qilgan.

Avvalroq, So‘x tumanida qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi bilan hamkorlikda logistika markazi va do‘stlik uyi tashkil qilinishi haqida xabar berilgandi.

Bundan tashqari, 2020 yil 9 dekabr kuni O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi va Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Fransiyaning Rungis Semmaris (Ranjis Sammaris) kompaniyasi o‘rtasida hadli bitim onlayn tarzda imzolangan.

Rungis Semmaris kompaniyasining ishtiroki bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonda va Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan, yuqori xalqaro standartlarga muvofiq sakkizta yirik agrologistika markazlar tarmog‘ini yaratish va boshqarish loyihasi amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid
Top