09:47 / 28.01.2021
4955

Korrupsiyani yengishning yagona yo‘li – befarq bo‘lmaslik

«Surxondaryo viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasi»da «Korrupsiya – jamiyat kushandasi» mavzusida tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda «Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ bosh direktori Ma'ruf Shamsiddinov, prokuratura va ichki ishlar vakillari mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Qayd etildiki,  korrupsiya bu – har qanday jamiyatning rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi illatlardan biridir. Shu bois mamlakatimizda korrupsiya bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish va unga qarshi keskin kurashishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Ayni maqsadda respublikamizda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilib, uning faoliyati samaradorligini oshirish uchun jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda. Xususan, fuqarolar korrupsiyaga duch kelganlarida tegishli davlat organlariga murojaat qilishlari va bunday holatlarning oldini olishga o‘z hissalarini qo‘shishi kerakligi alohida ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi haqida atroflicha ma'lumot berildi.

Mazkur loyihaga ko‘ra, korrupsiya to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarning o‘zi va yaqin qarindoshlari davlat tomonidan ijtimoiy-huquqiy himoya qilinishi kafolatlanadi. Korrupsiya to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlar davlat siri hisoblanadi. Ularni oshkor etish qonunga muvofiq taqiqlanadi.

E'tiborli tomoni shundaki, korrupsiyaviy holat to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslar Vazirlar Mahkamasi tomonidan rag‘batlantiriladi.

Umuman, Surxondaryo HETKda ham yashirin iqtisodiyotni qisqartirish borasida bir qator islohotlar olib borilayotgan bo‘lsa-da, ayrim kamchiliklardan ko‘z yumib bo‘lmasligi aytib o‘tildi. Xususan, xizmat davomida soha xodimlarining elektr energiyasi to‘lovi bilan bog‘liq holatlarda firibgarlik qilib, o‘zganing haqini o‘zlashtirish holatlari kuzatilgani bo‘yicha misollar keltirildi.

Shuningdek, sohada zamonaviy ASKUE hisoblagichlarining o‘rnatilishi inson omilini kamaytirgani, buning natijasida korrupsion holatlar sezilarli darajada kamaygani e'tirof etildi.

Tadbir davomida jamiyat ishchi-xodimlarining korrupsiyaga yo‘l qo‘ymasliklari, umuman, bu kabi holatlarga murosa qilmasliklari yuzasidan tushuntirish va tavsiyalar berildi.

«Surxondaryo viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ axborot xizmati.

Mavzuga oid
Top