18:39 / 28.01.2021
8347
O‘zbekiston va Koreya prezidentlari sammiti bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 yanvar kuni Koreya Respublikasi prezidenti Mun Je In bilan videoanjuman shaklida uchrashuv o‘tkazdi.

Ushbu sammitni o‘tkazish to‘g‘risidagi kelishuv davlat rahbarlarining o‘tgan yil oktabr oyidagi muloqotlari davomida erishilgan edi.

Bugungi muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va alohida strategik sheriklik rishtalarini rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari o‘rin olgan.

«Davlat rahbarlari tadbirni ochib, bir-birlarini samimiy qutlar ekanlar, ushbu sammit kirib kelgan yangi yilda ikkala tomon uchun ham birinchi uchrashuv ekanini alohida qayd etdilar. Bu ikki tomonlama hamkorlikda juda yuksak darajaga erishilganidan yana bir bor dalolat beradi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Ta'kidlanganidek, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Koreya munosabatlari, pandemiyaga qaramasdan, izchil rivojlanishda davom etdi. O‘tgan yili davlat rahbarlari telefon orqali ikki marta muloqot qildilar hamda Shimoliy iqtisodiy hamkorlik ikkinchi xalqaro forumida birgalikda ishtirok etdilar.

Murakkab sharoitlarda yirik investitsiya va savdo loyihalarining amalga oshirilishi ta'minlandi, yangi kooperatsiya obektlari ishga tushirildi. Janubiy koreyalik sheriklarning ko‘magi va ishtirokida Toshkent shahrida tashkil etilgan, mintaqamiz uchun noyob bo‘lgan zamonaviy bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shular jumlasidan.

O‘zbekiston prezidenti koreys tomoni yangi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish borasidagi xalqaro sa'y-harakatlarga salmoqli hissa qo‘shayotganini yuksak baholadi hamda ushbu xavfli kasallikning oldini olish, unga chalinganlarni samarali davolash va reabilitatsiya qilishda mamlakatimizga ko‘rsatilayotgan katta amaliy ko‘mak uchun minnatdorchilik bildirdi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar borasida so‘z yuritar ekanlar, alohida strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va hamkorlikni har tomonlama kengaytirish tarafdori ekanliklarini ta'kidladilar.

Muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni davom ettirish va parlamentlararo almashinuvlarni faollashtirish, mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash bo‘yicha ikki tomonlama tadbirlar dasturini tayyorlash yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Oliy, kasb-hunar va maktabgacha ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniy meros obektlarini raqamlashtirish va restavratsiya qilish sohalaridagi hamkorlikning joriy va istiqbolli dasturlari ko‘rib chiqildi.

Prezidentlar O‘zbekiston hududlarida Janubiy Koreya yetakchi universitetlarining filiallari va kadrlarni professional tayyorlash bo‘yicha qo‘shma markazlar soni ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Yetakchi oliy ta'lim muassasalarida o‘zbek va koreys tillarini o‘qitishni kengaytirishga, shuningdek, koreys diasporasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratildi.

Iqtisodiy sohada O‘zbekiston va Koreya hukumatlari va idoralari darajasida yo‘lga qo‘yilgan samarali ishlar qayd etildi. Prezidentlar investitsiya loyihalarini ilgari surish va yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal qilish maqsadida ushbu muloqotlarni davom ettirish topshirig‘ini berdilar.

Ta'kidlanganidek, joriy yilda janubiy koreyalik hamkorlar ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida jami 400 million dollargacha investitsiyalarni o‘zlashtirish kutilmoqda.

Bundan tashqari, yuqori texnologik sohalarda, shu jumladan energetika, neft-gaz, kimyo va neft-kimyo, farmatsevtika, qayta ishlash sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmani modernizatsiya qilish, transport va logistika, turizm va ko‘plab boshqa tarmoqlarda qiymati jami 3,4 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 55ta yangi loyiha tayyorlanmoqda.

Ikki tomonlama ustuvor dasturlarni amalga oshirishda Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish fondi (EDCF) va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan samarali sheriklik olib borilayotgani yuksak baholandi.

Davlat rahbarlari o‘zaro savdo hajmini ko‘paytirish muhim ekanini ta'kidladilar. Keyingi yillarda tovar ayirboshlashda rekord ko‘rsatkichlarga erishildi.

Eksport-import amaliyotlari o‘rtasidagi nomutanosiblikni tekislash va ularning nomenklaturasini diversifikatsiya qilish masalalariga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish uchun fitosanitariya xizmatlarining hamkorligiga alohida e'tibor qaratildi.

Shu maqsadda tomonlar erkin savdo to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimni imzolash bo‘yicha muzokaralarni boshlaydilar.

Prezident Mun Je In O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishi masalasiga har tomonlama ko‘maklashishini yana bir bor tasdiqladi.

Sammit chog‘ida global va mintaqaviy ahamiyatga ega masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Tomonlar BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida, shuningdek, yuqori texnologiyalar, «yashil» va raqamli iqtisodiyot sohalaridagi dasturlarni ilgari surish maqsadida «Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo» hamkorlik forumi doirasida yaqindan hamkorlikni davom ettiradilar.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Seulning Koreya yarim orolidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi sa'y-harakatlarini doimo qo‘llab-quvvatlashini ta'kidladi. Tomonlarning mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish bo‘yicha tashabbuslari yuksak baholandi.

Davlat rahbarlari ekologiya sohasidagi hamkorlik, shu jumladan Orolbo‘yi mintaqasi uchun ko‘p sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida to‘xtaldilar.

Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi. Prezident Mun Je In prezident Shavkat Mirziyoyevga Koreya Respublikasiga tashrif bilan kelish to‘g‘risidagi taklifini tasdiqladi.

Sammit yakunida «To‘rtinchi sanoat inqilobi»ga ko‘maklashish maqsadida raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum, EDCF bilan hamkorlik bo‘yicha uch yilga mo‘ljallangan 1 milliard dollarlik dasturni amalga oshirish bo‘yicha bitim, zamonaviy ko‘p tarmoqli klinika va loyihaviy institut – Kimyoviy texnologiyalar markazini qurish loyihalari bo‘yicha zayom bitimlari imzolandi.

Bundan tashqari, yetakchi kompaniyalar darajasida mamlakatimiz energetika infratuzilmasining muhim obektlarini modernizatsiya qilish to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi.

Davlat rahbarlari har doimgidek ochiq, samimiy, konstruktiv va do‘stona muhitda o‘tgan sammit yakunlaridan mamnun ekanliklarini qayd etdilar.

Tomonlar onlayn-muzokaralar o‘z vaqtida o‘tkazilgani va natijadorligi jihatidan yuzma-yuz uchrashuvlar amaliyotidan qolishmaganini ta'kidladilar.

Prezidentlar do‘stlik va keng ko‘lamli sheriklik aloqalarini mustahkamlash, birodar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishda qat'iy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

Top