08:43 / 28.01.2021
5852
Toshkentda maktablardan texnika o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan guruh a'zolari qo‘lga olindi

2021 yilning 17 yanvar kuni Toshkent shahri Bektemir tumanida joylashgan umumiy o‘rta ta'lim maktabi direktori 56 yoshli N.K. Bektemir tumani IIO FMBga ariza bilan murojaat qilgan, deb xabar bermoqda IIV huzuridagi Tergov departamenti.

U maktab binosidagi o‘qituvchilar xonasida turgan, davlat tomonidan maktab uchun ajratilgan jami 17 dona Koreya Respublikasida ishlab chiqarilgan “Jooyon” rusumli kompyuter texnikalari va ularning ehtiyot qismlari noma'lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlangani haqida xabar bergan.

Mazkur holat yuzasidan Bektemir tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma'lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b, v, g” (o‘g‘rilik) bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida ushbu jinoyatni psixotrop moddalar ta'sirida 29 yoshli D.O., 20 yoshli N.A. va 26 yoshli B.T. sodir etganliklari aniqlangan hamda ulardan kompyuter moslamalari ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan. 

Olib borilgan dastlabki tergov davomida ushbu jinoiy guruh Toshkent shahrining boshqa tumanlarida joylashgan umumiy o‘rta ta'lim maktablarida ham o‘g‘rilik jinoyatini sodir etganliklari aniqlangan.

Dastlabki tergov jarayonida mazkur jinoyat ishida D.O., N.A. va B.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b, v, g” bandlari, 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayb e'lon qilinib,  ularga  nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi  qo‘llanilgan.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda, deyiladi ma'lumotda.

Top