09:01 / 28.01.2021
1886
XTV ko‘zi ojiz bolalar uchun 12 yillik ta'lim saqlab qolinishi so‘ralgan maqolaga munosabat bildirdi

Joriy yilning 3 yanvar kuni Kun.uz saytida “Ko‘zi ojiz bolalarning muallimlari murojaat bilan chiqdi. Ular 12 yillik ta'lim saqlab qolinishini so‘ramoqda” sarlavhali maqola e'lon qilindi. Unda Toshkent shahridagi 77-sonli ko‘zi ojiz bolalar maxsus maktab internati o‘qituvchilari ko‘zi ojiz bolalar internatlarida ta'lim muddati 12 yildan 11 yilga o‘tkazilayotgani ko‘zi ojiz o‘quvchilar ta'limiga salbiy ta'sir qilishi mumkinligi haqida gapirgandi.

Maqola e'lon qilinganidan deyarli bir oy o‘tib, Xalq ta'limi vazirligi ushbu maqola yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.

Vazirlik munosabatida aytilishicha, ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta'lim muassasalarida V-X sinflar uchun dars mashg‘ulotlari umumiy o‘rta ta'lim dasturining V-IX sinflariga nisbatan aniq fanlarning mavzulari kengaytirib o‘tilishi hisobiga 5 yilda o‘rtacha bitta fanda dars soatlari 26 – 27 soatga ortishi natijasida alohida X sinf tashkil etilgan. Natijada umumiy o‘rta ta'lim dasturi bo‘yicha tegishli sinfda o‘tilishi lozim bo‘lgan mavzular o‘quvchilarga keyingi o‘quv yili (sinf)da o‘tilmoqda.

“Bu mavzularning mavsumga hamda o‘quvchilarning fiziologik rivojlanishiga mos ravishda o‘tilishi talablariga javob bermaydi. Shuningdek, muassasalarning V-X sinflarida biologiya, kimyo va fizika fanlarining o‘quv dasturidagi o‘rtacha 44 soatlik laboratoriya ishlari o‘quvchilarning imkoniyatini inobatga olib, nazariy tarzda o‘tib kelinadi”, - deyiladi XTV ma'lumotida.

Bildirilishicha, prezidentning 2020 yil 13 oktyabrdagi “Alohida ta'lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta'lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori bilan 2020–2025 yillarda xalq ta'limi tizimida inklyuziv ta'limni rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Qaror bilan 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab alohida ta'lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta'lim muassasalarida majburiy umumiy o‘rta ta'limni 11 yillik (intellektual rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlarda 9 yillik) muddatda amalga oshirilishi belgilangan.

“Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekistonda inklyuziv ta'limni rivojlantirish, alohida ta'lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni umumta'lim muassasalarida inklyuziv ta'lim sharoitida o‘qishga tayyorlash, bilish imkoniyatlariga muvofiq tarbiyalash hamda ularga ta'lim-tarbiya berish tizimini takomillashtirish va ko‘rsatiladigan ta'lim xizmatlari sifatini yaxshilashdan iborat”, - deyiladi munosabatda.

Qayd etilishicha, “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonunda umumiy o‘rta ta'lim (I-XI sinflar), boshlang‘ich ta'lim (I-IV sinflar), tayanch o‘rta ta'lim (V-IX sinflar) va o‘rta ta'lim (X-XI sinflar) bosqichlaridan iborat ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Qonunning 34-35-moddalariga asosan jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan shaxslarni o‘qitish maxsus o‘quv dasturlari asosida amalga oshirilishi hamda jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar davlat ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarining o‘quv rejalari va o‘quv dasturlarining mazmuni, ularni ishlab chiqish hamda joriy etish tartibi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan belgilanishi qayd etilgan.

“Ko‘rishida muammolari bo‘lgan bolalar uchun ta'limning dastlabki o‘zlashtirish davri asosan boshlang‘ich sinflarga to‘g‘ri keladi. Ushbu bosqichda o‘quvchilarga o‘zaro va o‘qituvchi bilan dastlabki muloqot o‘rnatish, so‘z boyligini oshirish, savodini chiqarish, mayda qo‘l motorikasini rivojlantirish hamda o‘z-o‘ziga xizmat qilish, predmet tasavvurini shakllantirish va ko‘ruv idrokini rivojlantirish, shuningdek, dastlabki matematik tasavvurlarni shakllantirish o‘rgatiladi. Bu esa, o‘quvchiga mazkur bosqichda boshlang‘ich ta'limni mustahkam egallab olishiga yordam beradi.

O‘zbekiston Respublikasining “Maktabgacha ta'lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq maktabgacha ta'lim tashkilotlarida maktabga tayyorlov guruhlarining (olti yoshdan yetti yoshgacha) tashkil etilishi belgilab qo‘yilgan. Shunga ko‘ra, 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar davlat ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarining o‘quv rejalari va o‘quv dasturlariga o‘zgartirish kiritilib, ushbu turdagi muassasalarda tayyorlov guruhlari ochiladi. O‘quv rejalar va o‘quv dasturlari umumiy o‘rta ta'lim olishda va ularni bilish imkoniyatlariga muvofiq ishlab chiqiladi.

Tayyorlov guruhlarga bolalar 6 yoshdan qabul qilinadi. Shunda, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar davlat ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida ta'lim olish muddati tayyorlov guruhlar (1 yil), boshlang‘ich ta'lim I-IV sinflar (4 yillik) hamda yuqori V-XI sinflar (7 yillik) jami 12 yillik muddatda amalga oshiriladi. 

Moslashtirilgan o‘quv dasturlariga muvofiq ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar davlat ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida o‘quvchilarga davlat ta'lim standartlarini 11 yillik muddatda o‘zlashtirish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar davlat ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida tayyorlov guruhlarining ochilishi hamda moslashtirilgan o‘quv dasturlarining yaratilishi ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi o‘quvchilarning umumta'lim maktablarida joriy etilgan inklyuziv hamda boshlang‘ich tayanch korreksion sinflarga kengroq jalb etilishini va ularning inklyuziv ta'lim olish huquqini ta'minlashga xizmat qiladi”, - deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Top