00:19 / 28.01.2021
13314
Yoshlar ishlari agentligi tizimida maoshlar oshirilishi kutilmoqda

Yoshlar ishlari agentligining viloyat va tuman xodimlari oylik maoshini oshirish bo‘yicha taklif bildirildi. Bu haqda 27 yanvar kuni prezident o‘tkazgan yig‘ilishda so‘z bordi.

Eslatib o‘tamiz, Yoshlar ishlari agentligi 2020 yil birinchi choragida tuzilgan edi. Agentlikka yoshlarga oid davlat siyosatini muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilgan.

27 yanvardagi prezident selektorida yoshlar muammolarini tizimli o‘rganish va muvofiqlashtirish vazifasi Davlat xavfsizlik xizmatiga yuklatildi.

Yig‘ilishda prezident iqtidorli yoshlarni kashf qilish, ularning tashabbus va intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida «O‘zbekiston uchun 100 g‘oya» loyihasini ilgari surdi.

Loyiha doirasida shahar va qishloqlardagi tashabbuskor yoshlarning iqtisodiyot, ta'lim, sport, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari kabi sohalardagi g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratiladi.

«Masalan, qashqadaryolik yosh tadbirkor Sardor Sodiqov pandemiya tufayli barcha o‘quv markazlari o‘z faoliyatini to‘xtatgan bir paytda, ingliz tilini o‘rgatishning mobil dasturini yaratib, minglab yoshlar uchun masofaviy ta'limni yo‘lga qo‘ydi. Qolaversa, ushbu dasturni internet orqali xorijga ham eksport qilmoqda.

Bunday innovatsion g‘oyalar menga ma'qul», – degan prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top