21:41 / 29.01.2021
1897
2020 yil qishloq xo‘jaligida mahsulot yetishtirish hajmi oshgan, ammo oziq-ovqat inflatsiyasi yuqori bo‘lgan

2020 yilning yanvar-dekabr oylari davomida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi mahsulotlarining umumiy hajmi 260,3 trillion so‘mni tashkil etgan va 2019 yilning mos davriga nisbatan 3 foizga o‘sgan. 2020 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining o‘sishi kuzatilgan bo‘lsa-da, oziq-ovqat mahsulotlarining inflatsiyasi 15,3 foizni tashkil etgan.

Foto: Getty Images

Davlat statistika qo‘mitasi 2020 yilning yanvar-dekabr oylarida Respublikaning qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi mahsulotlarining iqtisodiyotdagi ulushi haqida ma'lumot berdi.

Ma'lumotga ko‘ra, 2020 yilning yanvar-dekabr oylari davomida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi mahsulot (xizmat)larining umumiy hajmi 260,3 trillion so‘mni tashkil etgan va 2019 yilning mos davriga nisbatan 3 foizga o‘sgan. Mos ravishda soha 2019 yilda 3,1 foiz o‘sishga erishgan edi. Shunday bo‘lsa-da, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sishi davom etmoqda.

O‘tgan yil davomida qishloq xo‘jaligining o‘sishi 2,9 foiz, baliqchilik xo‘jaligining o‘sishi 19,8 foiz, o‘rmon xo‘jaligining o‘sishi 1,7 foizni tashkil etgan.

Qo‘mita ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 – yilning yanvar-dekabr oylarida tarmoqning ijobiy o‘sish sur'atiga asosan quyidagi mahsulotlarning 2019 yilning mos davriga nisbatan yuqori o‘sish sur'ati qayd etilganligi orqali erishilgan.

  • Go‘sht (tirik vaznda) — 2,1 foiz
  • Sut — 2,8 foiz
  • Tuxum — 0,7 foiz
  • Don va dukkakli don ekinlari — 1,7 foiz
  • Sabzavotlar — 2,4 foiz
  • Oziqbop poliz ekinlari — 3,2 foiz
  • Mevalar va rezavorlar — 4 foiz
  • Uzum — 2,2 foiz
  • Ovlangan baliq — 18,4 foiz

Hududlar kesimida eng ko‘p qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Samarqand (33,6 milliard so‘mlik, umumiy hajmning 12,9 foizi), Andijon ( 27,1 milliard so‘mlik,  umumiy hajmning 10,4 foizi ) va Toshkent (25,8 milliard so‘mlik,  umumiy hajmning 9,9 foizi ) yetishtirilgan. Shuningdek, 2020 yil davomida eng yuqori o‘sish sur'atlari Surxondaryo (5,6 foiz), Farg‘ona (4,8 foiz), Namangan (3,8 foiz) viloyatlarida qayd etilgan.

Ma'lumot uchun, 2020 yilda YaIM da qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligining ulushi 28,2 foizni tashkil etgan.

2020 yilda respublika yalpi ichki mahsuloti (YaIM)ning o‘sish sur'ati 1,6 foizni tashkil qilgan.

Avvalroq, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev respublika oziq-ovqat mahsulotlarida inflatsiya darajasi 15,3 foizni tashkil etganligini ma'lum qilgandi.

Top