08:40 / 29.01.2021
11413
O‘zbekistonda 1 apreldan bog‘cha puli o‘rtacha 15 foizga oshishi mumkin

Vazirlar Mahkamasining “2021 yil uchun davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalar ta'minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Mazkur qaror loyihasi O‘zbekiston bosh vaziri va O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari huzurida o‘tkazilgan yig‘ilish bayoniga muvofiq ishlab chiqilgan.

Qaror loyihasida 2021 yil uchun davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalar ta'minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlarini tasdiqlash nazarda tutilmoqda.

Qayd etilishicha, amalda davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlariga ota-onalar to‘lovidan tushgan mablag‘lar to‘liqligicha bolani ovqatlantirish xarajatlariga yo‘naltirib kelinmoqda.

“2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunga asosan 2021 yilda iste'mol narxlari indeksi 9-10 foiz miqdorda bo‘lishi prognoz qilingan.

Shunga ko‘ra, qaror loyihasida davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalar ta'minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlarini 2021 yilning 1 aprelidan boshlab o‘rtacha 15 foiz oshirish ko‘zda tutilgan.

Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahri va Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanlarida joylashgan davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ota-onalar to‘lovi miqdorlari ikki baravar kamaytirilgan holda belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Top