18:59 / 29.01.2021
14794
Shavkat Mirziyoyev: Islom sivilizatsiyasi markazi uchinchi renessans poydevoridan biri bo‘lishiga umid qilamiz

O‘zFA Tarix institutiga qo‘shimcha mablag‘ va tadqiqotchilarga grantlar ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar, juma kuni Toshkentdagi Islom tsivizilatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Rasmiy relizga ko‘ra, bino loyihasi, ichki va tashqi dizayni, muzey ekspozitsiyalari mazmuni bo‘yicha dunyoning yetuk olimlari, islomshunos va san'atshunoslari bilan fikrlashilgan. Tashrif chog‘ida shu konsepsiya taqdimot qilindi.

«Bugun bu yerga kelishimdan maqsad – muqaddas dinimizning ezgulik, insonparvarlik dini ekanini, ma'naviyatga, ilmga undashini, ota-bobolarimiz bunga beqiyos hissa qo‘shganini tasdiqlovchi ilmiy natijalarni ko‘rish va yangi tadqiqotlarga zamin yaratish.

Hozir mahobatli bino qurish oson bo‘lib qoldi. Mana, bobolarimizga munosib bino qurdik. Endi bobolarimizga munosib ilmiy muhit yaratishimiz kerak», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari yana bir bor uchinchi renessans haqida gapirdi.

«Ko‘pchilik o‘ylaydi: nima uchun prezident ikkita renessansni esladi, deb. Bu – g‘oya, kelajakdagi maqsadimiz. Mamlakatimiz intilayotgan marralar uchun tariximizdan ruhiy kuch olishimiz kerak-ku! Bu markaz uchinchi renessans poydevoridan biri bo‘lishiga umid qilamiz. Chunki u ilmiy, dunyoviy, zamonaviy markaz bo‘ladi», – dedi u.

Markaz ekspozitsiyalari bo‘yicha aholi fikrini ham o‘rganish, shu maqsadda tanlov e'lon qilib, eng yaxshi g‘oya va takliflarni aks ettirish zarurligi ta'kidlandi.

«Yurtimiz zaminidan juda ko‘p olimlar, muhaddislar, avliyolar yetishib chiqqan, ularning merosi undan ham ko‘p. Lekin tan olish kerak, bu katta manbani chuqur o‘rganmadik. Shuning uchun bu markaz qanday buyuk elligimizni yana bir bor ilmiy asoslab, xalqchil tushuntirib beradigan bo‘lishi kerak. Bu yerda milliy g‘oya jo‘sh urib turishi zarur. Markazga kelgan odamlarda, yoshlarimizda ruhiy kuch, ruhiy ishonch paydo bo‘lishi kerak», – ta'kidladi prezident.

UNESCO, ISESCO kabi xalqaro tashkilotlar, ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

«O‘zi bugun dunyoda matematika, fizika, geometriya, astronomiya, tibbiyot kabi fundamental sohalarda qo‘llanilayotgan qoidalar, formulalar alloma bobolarimiz kashfiyotlariga asoslangan. O‘rta asrlardagi birinchi manbalarda bobolarimizning nomiga havolalar berilgan. Lekin keyingilarida yo‘qolib ketgan», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois birinchi manbalarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutiga qo‘shimcha mablag‘, tadqiqotchilarga grantlar ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Markaz uchun malakali gid-tarjimonlar tayyorlash, ularni O‘zbekistonda islom dini yoyilishi va ilm-fan rivoji bo‘yicha ixtisoslashtirish vazifasi qo‘yildi.

Bu yerdagi ilmiy merosni yoshlarga zamonaviy tarzda yetkazish uchun markaz qoshida multimedia bo‘limi, qadimiy xattotlik an'analarini ko‘rsatish uchun ustaxona-laboratoriya tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Top