22:32 / 29.01.2021
31910

So‘ronboy Jeenbekov bankda topilgan 1 million dollar yuzasidan so‘roqqa chaqirtirildi

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti So‘ronboy Jeenbekov sobiq bosh vazir o‘rinbosari Duyshenbek Zilaliyevning ishi bo‘yicha Bishkek shahar sudiga 3 fevralga so‘roqqa chaqirtirildi. Sobiq prezident bankda topilgan 1 mln dollar bo‘yicha guvoh sifatida so‘roq qilinadi.  

Foto: RIA Novosti

Zilaliyevning advokati Taalaygul Toktakunovaning ta'kidlashicha, Jeenbekovning “Optima Bank” bank yacheykasida topilgan pullar bo‘yicha so‘roqqa chaqirtirilishini u iltimos qilgan va sud uning iltimosini qanoatlantirgan. Jeenbekov bu pullarning qayerdan kelib qolganini tushuntirib berishi kerak.

 “U guvoh sifatida sud jarayoniga taklif qilindi. Duyshenbek Zilaliyev “Noqonuniy boyish” moddasi bo‘yicha ayblanmoqda va uning go‘yoki noqonuniy boyishiga bank yacheykasida bir million dollar topilgani vaj qilinmoqda. Tergov Zilaliyev davlat xizmatchisi bo‘lgan vaqtda bu pullarga ega bo‘la olmagan, deb hisoblamoqda. Bu pullarga So‘ronboy Jeenbekov bevosita aloqaga ega, chunki ular Jeenbekovning prezidentlikka nomzod bo‘lgan vaqtida saylovoldi kampaniyasiga mo‘ljallangan bo‘lgan va Zilaliyev bu mablag‘larni to‘liqligicha unga bergan. Buni sobiq bosh vazir Sapar Isakov ham tasdiqlashi mumkin”, deb aytgan advokat.

Duyshenbek Zilaliyev

Uning ta'kidlashicha, Zilaliyev hibsga olinganda, internetda bank yacheykasida 1 mln dollar topilgani videosi tarqalgan. “Agar e'tibor bersangiz, uni yacheykadagi pullar bo‘yicha 2017 yil 8 dekabrda ushlashgan, video esa yozda suratga olingan. Tergov davomida himoyam ostidagi shaxs Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasiga pullar Jeenbekovning saylovoldi kampaniyasiga mo‘ljallangani bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Uning shaxsan o‘zi bu pullarni Jeenbekovga topshirgan. Bu haqida Sapar Isakov aytib berishi mumkin. Biroq Isakov ham, Jeenbekov ham o‘shanda so‘roq qilinmagan”, deb tushuntirgan vaziyatni Toktakunova.

“O‘sha kezda So‘ronboy Jeenbekov prezident edi va Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasida Zilaliyevning ko‘rsatmalariga tegishli baho berilmagan va pullar unga tegishli deb hisoblangan. Biroq bu yolg‘on axborot bo‘lgan va internetda yozgi vaqtda olingan video tarqalgan, Zilaliyev esa dekabrda hibsga olingan”, deb qo‘shimcha qilgan advokat.

Duyshenbek Zilaliyev 2018 yil dekabrida hibsga olingan. Bishkek tuman sudlaridan biri 2020 yil oktyabrda uni 9 yilga ozodlikdan mahrum etgan. 

Mavzuga oid
Top