23:36 / 29.01.2021
2259
YeI hududidan koronavirusga qarshi vaksinani olib chiqish taqiqlandi

Taqiq faqat YeI bilan xarid bo‘yicha dastlabki kelishuvni tuzgan kompaniyalarga nisbatan amal qiladi.

Foto: Reuters

Yevroittifoq 30 yanvardan 31 martgacha YeI hududidan koronavirusga qarshi vaksina olib chiqilishini taqiqladi.

«Ushbu choradan maqsad – vaksina YeIning barcha fuqarolari uchun o‘z vaqtida yetkazilishini ta'minlash va YeI tashqarisiga vaksina eksport qilishda shaffoflik yo‘qligi muammosini hal qilish», — deyiladi YeI saytida.

Ushbu bayonot AstraZeneca kompaniyasi Yevroittifoqqa vaksina yetkazib berishda muammoga duch kelishi ortidan e'lon qilindi.

Taqiq faqat YeI bilan xarid bo‘yicha dastlabki kelishuvni tuzgan kompaniyalarga nisbatan amal qiladi. Vaksina eksporti bo‘yicha cheklovlar Albaniya, Andorra, Bosniya va Hersegovina, Chernogoriya, Norvegiya, Serbiya, Shveytsariya, Jazoir, Misr, Belarus va Ukraina hamda COVAX dasturi asosida vaksina oladigan qashshoq mamlakatlarga joriy etilmaydi.

 Avvalroq YeI Buyuk Britaniyaga vaksina eksportiga to‘siq qo‘yishi haqida The Independent nashri xabar bergandi. Nashrning yozishicha, bunga AstraZeneca Britaniya-Shvetsiya farmatsevtika kompaniyasi keltirib chiqargan «vaksina urushi» sabab bo‘ldi. Kompaniya YeIga vaksina yetkazib berish bo‘yicha majburiyatini bajara olmadi, ammo YeIni tark etgan Buyuk Britaniyani vaksina bilan ta'minlashda davom etmoqda. Kompaniya buni Bryussel bilan shartnoma Londondan ko‘ra kechroq tuzilgani bilan izohlagan.

 Reuters agentligining ma'lumot berishicha, AstraZeneca YeIga va'da qilingan 80 mln o‘rniga 31 mln doza vaksina yetkazib beradi. Agentlik manbasining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya o‘z majburiyatini ikkinchi chorakda bajarishga ham kafolat bermagan va birinchi yarim yillik uchun vaksina yetkazib berish jadvalini taqdim etmagan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top