17:17 / 31.01.2021
23636
4 yilga 555 million yevro. «Barselona» va Messi o‘rtasida tuzilgani aytilgan shartnoma surati tarqaldi

Ispaniyaning El Mundo gazetasi Lionel Messining «Barselona»dagi faoliyatiga bog‘liq shov-shuvli ma'lumotni e'lon qildi. Unga ko‘ra, argentinalik megayulduz Kataloniya klubida aql bovar qilmas darajada katta maosh olgan.

«Bu sport tarixidagi eng katta shartnoma», deyiladi xabarda. El Mundo Messi hamda «Barselona» o‘rtasida imzolangan deb ta'kidlagan shartnomada yozilishicha, 2017 yilda imzolangan 4 yillik kelishuvga ko‘ra Messi maksimum 555 million 237 ming 619 yevro maosh olishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Bu dollarda 674 millionga yaqin pul degani. Ko‘rsatilgan summada bonuslar ham ko‘zda tutilgan.

30 sahifadan iborat shartnomada Messi yiliga bonuslar bilan birga 138 million yevro maosh olishi belgilangan. Shuningdek, unda 115 milliondan ortiq bonuslar va 77 million yevrolik maxsus sodiqlik bonusi uchun imzolangan kelishuvni ham ko‘rish mumkin. Gazetaning yozishicha, Messi allaqachon bu kelishuvga ko‘ra 511,5 million yevrodan ortiq maosh olgan. El Mundo e'lon qilgan shartnoma surati ESPN, La Nacion kabi yirik nashrlarda ham e'lon qilindi.

Messining 2017 yilda «Barselona» bilan imzolagan shartnomasi 2021 yil 30 iyungacha amal qiladi. 2021 yil yanvar oyidan boshlab futbolchi boshqa klublar bilan «Barselona»ni ogohlantirmasdan muzokara o‘tkazishga haqqi bor. Hozirda unga «Manchester Siti» va «PSJ» jiddiy qiziqmoqda. Bu klublar Messini tekinga qo‘lga kiritgani uchun futbolchi juda katta miqdorda ko‘tarma puli olishi mumkinligi aytilmoqda.

Shartnoma surati e'lon qilingach, Messining vakillari El Mundo'ni sudga bermoqchi. Shuningdek, sudga Messining shartnomasini ko‘rish imkoniga ega bo‘lgan «Barselona» vakillari ustidan ham arznoma kiritiladi. Chunki shartnoma ularning ishtirokisiz gazetaga chiqib ketmagan bo‘lardi, deb hisoblaydi advokatlar.

Messining vakillari nashrni sudga bermoqchi ekani haqidagi xabar esa ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan shartnoma shartlari chindan yozilganidek ekanining tasdig‘i sifatida qabul qilindi.

Ma'lumot uchun, Lionel Messi 2004 yildan buyon «Barselona» asosiy jamoasida harakat qilib keladi. U professional faoliyati davomida faqat «Barselona» klubida o‘ynagan. Futbolchi klubdagi faoliyati davomida 4 marta YeChLda, 10 marta La Ligada, 6 marta Ispaniya Kubogida, 3 martadan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati va Yevropa Superkubogida g‘alaba qozongan. Messi faoliyati davomida olti marta «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan va bu borada rekordchi hisoblanadi.

Top