09:47 / 31.01.2021
25600
Bayden Saudiya va BAAga qurol sotishga ikkilanib qoldi. Nega?

AQShda Saudiya Arabistoni hamda BAAga qurol sotish bo‘yicha kelishuvni vaqtincha to‘xtatib qo‘yishdi. Bu borada kelishuvni Donald Tramp prezidentlik vakolati tugashidan bir soat oldin imzolagan. Bayden esa «taxtga kelishi bilan» Trampning bu qarorini bekor qildi.

Bayden bu juda jiddiy kelishuv chuqur o‘ylab ko‘rilgach tasdiqlanishi mumkinligini ma'lum qilgan. Shartnoma shartlari bir necha oy davomida tahlil qilinishi mumkin.

AQShda prezident o‘zgargach, bunday tushunmovchiliklar bo‘lib turadi. Biroq hozirda obro‘li demokratlar qarshi bo‘layotgani Saudiya hamda BAA qurol sotib ololmaydi degani emas. Axir kelishuvga qo‘l qo‘yilgan. Shunday bo‘lsa-da, AQSh yangi hukumatining qarori Saudiya va BAAning asabiylashishiga sabab bo‘ldi. Bayden administratsiyasining bu qarori neftomagnatlarni xursand qilmagani AQShning yangi davlat kotibi Entoni Blinkenning OAV vakillari bilan ilk uchrashuvidan keyin ham sezildi. BAAning Vashingtondagi elchisi ham tvitterda buni isbotlovchi post qoldirdi.

Bir necha milliardlik kelishuv

Juda katta pullar o‘rtada turgan kelishuvga ko‘ra, AQSh BAAga 50ta yangi avlod F-35 qiruvchi samolyotlari va 18ta jangovar «Riper» dronlarini eksport qilishi kerak. Bu savdodan AQSh hech nima yutqazmaydi, qaytanga katta foyda ko‘radi, lekin masalani murakkablashtiradigan muammo boshqa tomonda. Reuters o‘z manbalariga tayanib, Tramp bu kelishuvni BAA Isroil bilan munosabatlarini yaxshilagani uchun mukofot sifatida qo‘lga kiritganini yozgandi.

Aslida Tramp va BAA o‘rtasida bu kelishuv ancha oldin rejalashtirilgan va uni rasmiylashtirish ishlari dekabr oyidayoq boshlangan. Bir oy davomida tomonlar yetkazib berish muddati va narxini muhokama qilgan. Kelishuvga ko‘ra, AQSh samolyot va dronlarni sotish asnosida BAA uchun uchuvchilarni tayyorlash va samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish tizimini tashkil qilishda ko‘maklashadi. Aynan Reuters BAA bilan kelishuv Tramp vakolati tugashidan bir soat oldin imzolangani haqida yozgandi.

Bu mojaroli kelishuvga ko‘ra, AQSh BAAga 23 milliard dollarlik qurol sotishi kerak. Jangovar dronlarning 18tasini birdaniga sotish ham jiddiy masala. Bu dronlar savdosi bo‘yicha ikkinchi eng yirik kelishuv hisoblanadi. Kelishuvga ko‘ra, AQSh dronlarni 2027 yilgacha yetkazib berishi kerak.

Tramp administratsiyasi Saudiya Arabistoni bilan ham yirik shartnoma imzolagan. Unga ko‘ra, AQSh 478 million dollarlik nishonni yuqori aniqlikda yo‘q qila oluvchi aviatsion o‘q-dorilar yetkazib berishi kerak bo‘lgan. Shuningdek, AQSh Isroildan sotib olgan «Temir musht» nomli havo hujumidan himoya qiluvchi qurolni arab davlatlaridan biriga sotishga qaror qilgan. Bu davlat katta ehtimol bilan Saudiya ekani aytilmoqda. Bu borada Isroil AQShga rozilik bergani mahalliy nashrlarda yozildi.

AQSh prezidenti administratsiyasining yuqori mansabli vakili New York Times'ga ismi oshkor qilinmasligi sharti bilan bergan ma'lumotiga ko‘ra, BAA bilan kelishuv katta ehtimol bilan bekor qilinmasligi, muammoli holat Saudiya bilan kelishuvga aloqador hisoblanadi. U Saudiyaga qurol sotish «siyosiy nozik masala» ekanini qayd etib o‘tgan.

Murakkab muvozanat

AQSh Yaqin Sharq uchun «yonib-kuyishi»ni ko‘pchilik neft uchun deb o‘ylashi mumkin, lekin aslida Amerika iqtisodi bu hududdagi neftga qarab qolmagan. Yevropa uchun esa Yaqin Sharq nefti juda muhim. Asosiysi, AQShning Yevropa va Yaqin Sharqdagi harbiy-strategik rejalarida Saudiya hamda BAA juda muhim sheriklar. Boshqa tomondan Saudiya va BAA uchun ham AQSh bilan hamkorlik juda muhim. Avvalo Eron yoki Isroilning ehtimoliy hujumiga tayyor turish maqsadida.

O‘tgan yil sentyabr oyida Saudiyaning Abkayke va Xurayse kabi yirik neftni qayta ishlash zavodlariga havo hujumi amalga oshirildi. Oqibatda kuniga 9,8 million barrel neft qazib oladigan Saudiya kunlik ishlab chiqarishni 4,1 million barrelgacha kamaytirishga majbur bo‘ldi. Bu esa butun boshli dunyo kunlik neft ehtiyojining 5 foizi degani. Havo hujumlarini Eron moliyalashtirishi aytiladigan yamanlik husiychilar amalga oshirgani ma'lum bo‘lgandi. Saudiya ularga qarshi Yamanning rasman tan olingan hukumati tomonda turib jang qiladi.

23 va 26 yanvar kunlari Ar-Riyodda portlash ovozlari eshitildi. Saudiyada bu borada rasmiy ma'lumot berilmadi, lekin AQSh elchixonasi Saudiyada bo‘lib turgan amerikaliklarni ogohlantirgani jiddiy nimadir sodir bo‘lganidan darak berardi. Wall Street Journal'ning xabar berishicha, qirollik saroylaridan biriga havo zarbalari berilgan. Zarbalardan biri Iroqdan, biri Yamandan turib amalga oshirilgan. Bu ikki mamlakatda esa Eron ta'siridagi guruhlar erkin faoliyat yuritishi aytiladi.

Aynan havo hujumida jiddiy muammolar kuzatilayotgan Saudiya AQShdan qurol-yaroq sotib olishga majbur bo‘ldi. Ko‘plab demokratlar esa Saudiyaga qurol sotishning boshqa jihatini o‘ylashmoqda. Ularning fikricha, qurollar saudiyaliklar tomonidan Yamandagi tinch aholiga qarshi ishlatilmasligiga ishonch yo‘q. Ma'lum bo‘lishicha, Baydenning tarafdorlari inauguratsiyagacha ham uni Saudiyaga qurol sotish bo‘yicha kelishuvni bekor qilishga ko‘ndirishga harakat qilgan.

Masalan, demokratlar vakili bo‘lgan senator Kristofer Merfi va Vakillar palatasi vakili Ro Xanna Saudiyaga qurol sotilishi bo‘yicha kelishuvning vaqtincha to‘xtatilishi oxir-oqibat kelishuv butunlay bekor qilinishiga umid qilishmoqda. Ularning aytishicha, siyosiy manfaat uchun Yaqin Sharqdagi qattiqqo‘l diktatorlarni qo‘llash siyosatidan voz kechish kerak.

Ar-Riyod va Vashington o‘rtasida mojaro keltirib chiqargan voqealardan biri muxolif jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bo‘lgandi. 2018 yil oktyabr oyida o‘ldirilgan Jamol Qoshiqchiga uyushtirilgan suiqasd Saudiya valiahd shahzodasi va amalda hukumatni boshqarayotgan Muhammad ibn Salmon tomonidan buyurtma qilingani aytilgan. Bu borada MRB o‘tkazgan surishtiruv natijalari hal qiluvchi bo‘lishi mumkin. Bayden tomonidan Milliy razvedka agentligi rahbari etib tayinlangan Evril Heyns senat tomonidan lavozimga tasdiqlangach, bu borada o‘tkazilgan surishtiruv natijalari e'lon qilinishini aytgandi.

AQShdagi Demokratiyani himoya qilish fondi 26 yanvar kuni Jamol Qoshiqchi ishi bo‘yicha surishtiruv natijalarini e'lon qilib, unda Muhammad ibn Salmonni bu ishda asosiy aybdor deb e'lon qilgan.

New York Times esa BAA va Saudiyaning Bayden davrida AQShga «qanchalik do‘st bo‘lishi» Eron bilan o‘rnatilajak munosabatlarga bog‘liqligini qayd etgan. AQShning yangi davlat kotibi Entoni Blinken 2015 yilda Eron bilan imzolangan yadro kelishuvining tuzilishida qatnashgan va yaqinda bu kelishuvga qaytish muzokaralarida ham ishtirok etishi mumkin. Tramp davrida AQSh bu kelishuvdan chiqib ketgandi.

Eron bilan yadro kelishuvini tuzish endi oson bo‘lmaydi. Bu safar muzokaralar uzoq kechishi kutilmoqda. Chunki avvalgi kelishuvda faqat Eronning atom dasturi nazarda tutilgan. Bu galgi kelishuvda Eronning Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlari borasida ham muzokaralar bo‘lishi mumkin.

Wall Street Journal'ning yozishicha, AQSh Saudiyadagi harbiy qudratini oshirmoqchi. Ar-Riyoddagi «Shahzoda Sulton» havo bazasiga o‘xshagan bazalar Taif va Tabukda ham qurilishi mumkin. Yanbu portidan esa bu harbiy bazalar ta'minoti uchun foydalaniladi.

Entoni Blinken OAV vakillari bilan ilk uchrushuvda Saudiyaga tashqi hujumlardan himoyalanishda yordam berishini ma'lum qilgan. Ammo o‘z fikrini rad etgandek Saudiyaga katta harbiy kampaniya yuborilishidan tashvishda ekanini aytgan. Uning aytishicha, bu katta inqirozga olib kelishi mumkin. Blinken AQSh husiychilarga nisbatan sanksiyalarni biroz yumshatishi mumkinligini aytib, bunga sabab sifatida sanksiyalar oqibatida tinch aholi vakillari ham ochlikdan ozor chekayotganini keltirgan.

AQShning so‘nggi to‘rt prezidenti vaqtida ham Yaqin Sharqdagi faoliyatini davom ettirayotgan Dennis Rossning aytishicha, BAA bilan qurol savdosi bo‘yicha kelishuv katta ehtimol bilan tasdiqlanadi. Garchi 2019 yil Yamandan harbiylarini olib chiqib ketgan BAA inson huquqlari buzilishiga sababchilardan biri sifatida qaralayotgan bo‘lsa ham.

Aslida bir mamlakatning boshqa mamlakatda qurol sotishida hech qanday g‘alati narsa yo‘q. Lekin Bayden administratsiyasi bu kelishuvni «qayta ko‘rib chiqish» orqali AQSh o‘zining strategik muhim qurollari savdosiga qanchalik jiddiy qarashini ko‘rsatib qo‘ymoqchi ko‘rinadi...

Top