11:01 / 31.01.2021
41332

Tramp Mar-a-Lago qarorgohidan chiqarib yuborilishi mumkin

Foto: Splash news

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp Floridada unga qarashli Mar-a-Lago qarorgohi turar joy sifatida ro‘yxatga olinmagani sababli undan majburiy ravishda chiqarib yuborilishi mumkin. Bu haqda CNN telekanali xabar berdi.

Tramp ushbu maskanni 1985 yilda sotib olgan. Keyinroq u maskanni xususiy golf-klubga aylantirgan va aynan shu holat unga o‘z qarorgohida doimiy ravishda yashash huquqini bermaydi. 

“Mar-a-Lagoning Trampning doimiy qarorgohi yoki ofisi sifatida qo‘llanishi Palm-Bich shahri ma'muriyati tomonidan ko‘rib chiqilmoqda va bu bo‘yicha qaror shahar kengashining 9 fevralda o‘tadigan yig‘ilishida muhokama qilinadi”, deb ma'lum qilgan Palm-bich boshqaruvchisi Krik Bluen.

Ta'kidlanishicha, Tramp qarorgohni golf-klubga aylantirgan vaqtda shahar ma'muriyati bilan qarorgohda cheklangan vaqt bo‘lish bo‘yicha kelishib olgan. Tramp o‘shanda Mar-a-Lagoda yiliga ko‘pi bilan 21 kun bo‘lishga rozi bo‘lgan. AQShning sobiq prezidenti xususiy qarorgohni biznes obektiga aylantirish uchun boshqa cheklovlarga ham ko‘ngan. Misol uchun, Mar-a-Lagodagi golf-klubning 500dan ko‘proq a'zosi bo‘lmasligi, klub a'zolari, jumladan Tramp Mar-a-Lagoda uzluksiz 7 kun yoki yiliga 3 haftadan ko‘p qolmasligi kerakligi belgilangan.

Biroq Tramp prezident bo‘lgan kezda Mar-a-Lagoda belgilanganidan ko‘proq vaqt o‘tkazgan.

Mahalliy OAV ma'lumotlariga ko‘ra, Floridadagi kurort aholisi Tramp Oq uydan ketgandan keyin Mar-a-Lagoni o‘zining doimiy yashash joyiga aylantirishini istamayapti. O‘z navbatida Trampning Trump Organization kompaniyasida sobiq prezidentga Mar-a-Lagoni qarorgoh sifatida qo‘llashni taqiqlovchi birorta hujjat yoki kelishuv yo‘qligi aytilgan.

Mavzuga oid
Top