17:42 / 01.02.2021
11243
«Britancha shtamm aeroportdayoq jilovlangani – yutug‘imiz» – Otabekov yangi shtamm aholi orasiga kirishiga yo‘l qo‘yilmaganini aytdi

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Nurmat Otabekov koronavirusning britancha shtammiga qarshi ko‘rilayotgan choralar yuzasidan o‘tkazilgan brifingda O‘zbekiston yangi shtamm bilan kurashga qanchalik tayyorligi yuzasidan ma'lumot berdi.

«O‘zbekiston nimaga qodir ekanligini ko‘rsatdi. Koronavirus butun dunyoda ko‘plab iqtisodiy rivojlangan davlatlarni karaxt holatga keltirib qo‘ygan bir paytda, respublikamizda epidemik barqarorlik ta'minlangan.

Britancha shtamm aniqlangan bemor aeroportning o‘zidayoq aniqlangan va alohidalangan. Demak, O‘zbekiston sharoitida kasallik manbayi aeroport va shifoxona sharoitida jilovlangan. Bu bizning yutug‘imiz. Kasallikning aholi orasiga kirib ketishiga yo‘l qo‘yilmagan. Kasallik manbayi jilovlansa, yuqish yo‘lining oldi olinsa, yuqtirib olish ehtimoli bo‘lgan aholi himoyasi ta'minlansa, uning keng avj olishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu nuqtayi nazardan, kasallikning aeroportdayoq aniqlangani mamlakat nimaga qodirligini ko‘rsatadi», dedi u brifing davomida.

Otabekov O‘zbekistonga koronavirusning yangi shtammi kirib kelishiga umuman yo‘l qo‘ymaslikning imkoni bo‘lmaganini ta'kidlab o‘tgan.

«Biz yangi shtammni hududimizga umuman kiritmaslik imkoniyatiga ega emasdik. Hozirgi kunga kelib, dunyoning 60ga yaqin davlatida bu shtamm aniqlandi.

Britancha shtamm kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va JAR davlatlaridan O‘zbekistonga kirish va chiqish bo‘yicha taqiq mavjud. Ammo shunga qaramay, o‘zbekistonliklar borib-kelishi mumkin bo‘lgan davlatlarning soni juda ko‘p. Kasallik aynan yuqorida sanab o‘tilgan davlatlardan emas, balki uchinchi, to‘rtinchi davlatlar orqali kirib kelish ehtimoli mavjud edi. Va afsuski, u mamlakatga kirib keldi», deydi shtab a'zosi.

Top