16:32 / 01.02.2021
9175
«Dekret puli» nega faqat davlat tashkiloti xodimlariga to‘lanishi yuzasidan izoh berildi

Pensiya jamg‘armasi rahbari Abdulaziz Haydarov, manbasidan qat'i nazar hisoblab chiqilganda, umumiy dekret to‘lovlari uchun xarajatlar 4 trillion so‘mni tashkil etishini ma'lum qildi. Ammo bugunda soliq imtiyozlari ko‘pligi sababli xususiy sektordagi shaxslar uchun ham to‘lovlarni kiritish noto‘g‘ri, deb hisoblanmoqda.

Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining ijro etuvchi direktori Abdulaziz Haydarov 29 yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida dekret to‘lovlari davlat tomonidan nega aynan budjet tashkilotlari xodimlariga to‘lanishi, xususiy sektordagilarga to‘lanmasligi sabablari haqida gapirdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bunga bir necha omillar sabab qilib keltirilgan.

«Biz manbasidan qat'i nazar hisoblab chiqqanimizda dekret to‘lovlari xarajatlari 4 trillion so‘mni tashkil qilyapti.

Xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilganda, ularda maxsus ijtimoiy sug‘urta jamg‘armalari borligi aniqlandi. Pullar o‘sha jamg‘armalar tomonidan to‘lab beriladi. Hozir, birinchi navbatda, bu to‘lovlarni kim tomonidan amalga oshirilishini aniqlashtirishimiz kerak.

Bugungi kunda sug‘urta badallari bekor qilingan. Buning manbasini tayin qilish darkor. Shuncha soliq imtiyozlari berilib kelayotganda biz yana boshqa to‘lovlarni kiritishimiz unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi, deb o‘ylaymiz. Shuning uchun 2021 yilning oxirigacha muddat olganmiz. Qonun ishlab chiqilib, bu tizim joriy qilinadi», – dedi jamg‘arma rahbari.  

Shuningdek, Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori o‘rinbosari Shuhratjon Davronov ham mazkur mavzuga to‘xtalib o‘tdi.

«Dekret pullari yoki bo‘lmasa vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik pullari, tibbiy sug‘urta va yana boshqa sug‘urtalangan mezonlarga muvofiq to‘lovlarning hammasi ijtimoiy sug‘urta tizimiga kiradi.

Shundan kelib chiqqan holda budjet tashkilotlari xodimlariga dekret pullar to‘lanyapti. Lekin 2010 yildan boshlab xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarda dekret pullarini to‘lash tashkilot mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Bugungi kundagi holatdan kelib chiqqan holda Xalqaro mehnat tashkiloti hamda Jahon banki ekspertlari bilan ijtimoiy sug‘urta konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ish olib borilyapti.

Ijtimoiy sug‘urta deganimiz har bir to‘lov sug‘urtalash mezoniga mos kelishidir. Fuqaro o‘zidan ijtimoiy sug‘urta mexanizmi joriy qilingan holda to‘lovlarni amalga oshiryaptimi, qaysidir turdagi sug‘urta to‘lovlarini, aytaylik, ijtimoiy to‘lovlarni ijtimoiy risk yuzaga kelgan holda olish tizimini joriy qilmoqchimiz.

Albatta, bu borada oldimizda bir nechta masala turibdi. Birinchidan, uning manbayi ya'ni, qaysi manba hisobidan to‘lab berilishi muhim. Ikkinchi masala, qaysi vazirlik yoki idora buni amalga oshirishi aniqlanadi. Uchinchidan, buning mexanizmi qay tartibda bo‘lishi belgilanadi. Bu bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqiladi. Ya'ni, qaysi holatda bu masalada kimning huquqi bor, qanday hollarda sub'yektlar bundan manfaatdor bo‘ladi, qaysi sub'yektlarga to‘lab berilishi hujjatda to‘la aks ettiriladi», – dedi u.

Avvalroq, Kun.uz’da bu mavzuda bir necha maqolalar e'lon qilingan edi. Xususan, davlat tashkilotlarida ishlaydigan xotin-qizlar uchun budjetdan homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa pullari ajratilishi, ammo xususiy sektorda «dekret puli» to‘lanishi ish beruvchi xohishiga bog‘liqligi ayollarni kamsitish va ularning huquqlari to‘liq ta'minlanmaganini anglatishi qayd etilgan.  

Ma'lumot uchun, budjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav fondidagi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan ulush davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar va ularning tarkibiy bo‘limlari bo‘yicha yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 25 foiz etib belgilangan. Boshqa soliq to‘lovchilar, xususan, xususiy sektor vakillari ushbu to‘lovni 12 foiz miqdorda to‘laydi. Ya'ni, ish beruvchi xodimlarining daromadlaridan kelib chiqib, yagona ijtimoiy to‘lovni amalga oshirishi lozim. Shunda davlat tashkilotlari tomonidan yagona ijtimoiy to‘lov xususiy sektorga nisbatan ikki baravar ko‘p to‘lanadi. 

Top