12:33 / 01.02.2021
17210

«Mirziyoyev islom dinini jamiyatni ruhlantirish, jipslashtirish, erkinlashtirish vositasi sifatida ko‘ryapti» – siyosatshunos

Fransiyada yashayotgan o‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov O‘zbekistonning birinchi va amaldagi prezidentlarining islom diniga munosabatini tahlil qilgan. U prezident Mirziyoyev jamiyatning diniy ehtiyojlarini his qilayotgani, ularni qondirish uchun davlat siyosati darajasida imkoniyat izlayotganini ta'kidlab o‘tgan.

«Toshkentda qurilayotgan «Islom sivilizatsiyasi Markazi» haqidagi reportajni ko‘rdim. Prezident Mirziyoyev bu markazga ko‘p marta kelib, o‘z fikrlarini bildirib, qarashlarini takrorlab kelyapti. Islom va musulmonlar borasida Mirziyoyev Karimovdan keskin farq qiladi. Karimov jamiyatning dindorlik darajasi bilan kurashib keldi, islomni qoloqlik va hokimiyatga qarshilik ko‘rsatish mafkurasi sifatida qabul qildi.

Mirziyoyev esa islom dinini jamiyatni ruhlantirish, jipslashtirish, erkinlashtirish uchun vosita sifatida ko‘ryapti. Asosiysi, islom o‘zligi va an'anaviyligidan hayiqmaydi. Faqat, dinning jamiyat taraqqiyotiga to‘sqin bo‘ladigan talqiniga rozi bo‘lmaydi. Bu ma'noda, Mirziyoyev islom va musulmonlar bilan kurashishga moyil emas, balki barcha erkin va taraqqiyotga moyil bo‘lgan musulmon davlatlaridagi kabi, radikal talqinlarga qarshi», deb yozadi siyosatshunoc o‘zining Facebook’dagi sahifasida.

Rabbimov O‘zbekistonning birinchi prezidentidan farqli o‘laroq Mirziyoyev maqsadi – nazorat qilish va bostirish emas, haqiqiy islomiy ma'rifat, ilm va o‘zlikni parvarishlash hisoblanishini qayd etib o‘tgan.

«Karimovning dunyoqarashi ateistik SSSRda shakllangan edi. Mirziyoyevning qarashlari esa, ko‘proq «perestroyka» va «karimovcha» ziddiyatlar davrida shakllandi. Asosiysi, prezident Mirziyoyev jamiyatning diniy ehtiyojlarini his qilyapti, ularni qondirish uchun davlat siyosati darajasida imkoniyat izlayapti. Yaqinda qiz-juvonlar o‘quv dargohlarida o‘ranib yurishini himoya qiluvchi shaxsni [Abduqodir Toshqulov nazarda tutilmoqda – tahr.] Oliy ta'lim vaziri sifatida tayinlashi ham bu siyosatning unsurlaridan biri hisoblanadi.

Prezident Mirziyoyevning qarashlariga ko‘ra, bahaybat qurilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi butun Markaziy Osiyodagi shu yo‘sindagi yagona muassasa bo‘lishi kerak. O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasiga daxldorligini urg‘ulovchi, jamiyatga islom madaniyati va ma'rifatini tarqatuvchi, istiqbolda bu borada strategik g‘oyalar, loyihalar, yondashuvlar ishlab chiqish uchun ham asosiy maydoncha bo‘lishi nazarda tutiladi.

Karimov ham «Toshkent Islom universiteti»ga asos solgandi, Putinni olib borib, dinni nazorat qilish texnologiyasi bilan maqtangan edi. Lekin Mirziyoyevning maqsadi – nazorat qilish va bostirish emas, haqiqiy islomiy ma'rifat, ilm va o‘zlikni parvarishlash ekanligi ko‘rinib turibdi», deydi u.

Mavzuga oid
Top