22:25 / 01.02.2021
8934
Nurafshon–Qo‘yliq yo‘li rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda

24,4 km.lik Nurafshon–Qo‘yliq yo‘li turkiyalik muhandislar bilan hamkorlikda ta'mirlanishi rejalashtirilmoqda. Loyihada jamoat transportlari uchun alohida yo‘lak ajratish ko‘zda tutilgan.

Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov 1 fevral kuni Nurafshon shahrida Turkiyaning «Kalyon Ulastirma» muhandislik kompaniyasi rahbari Jihad Kalyonjio‘g‘li bilan muzokara o‘tkazdi.

Unda uzunligi 24,4 kilometrni tashkil etuvchi Nurafshon–Qo‘yliq avtomobil yo‘lini demontaj qilish masalasi muhokama qilindi.

Viloyat hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish va qatnovlarni maqbullashtirish nazarda tutilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, bugungi kunda Nurafshon–Qo‘yliq yo‘lidan kuniga 38 mingta transport qatnovi amalga oshadi. Bo‘ka, Bekobod shahri va tumani, Piskent, Nurafshon shahri, O‘rta Chirchiq tumani aholisini poytaxt bilan bog‘lovchi bu yo‘lda yaqin istiqbolda tirbandliklar yuzaga kelishi mumkin.

«Shu bois, katta shaharga aylanish arafasida turgan Nurafshonni poytaxt bilan bog‘lovchi yo‘l zamonaviy shaharsozlik andozalariga mos ravishda qayta ta'mirlanishga muhtoj», – deyiladi xabarda.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2ta avtostansiya va yo‘l bo‘ylab 5ta bekat quriladi.

O‘rtada jamoat transportlari hamda tezkor avtobus qatnovi uchun (BRT tizimi) alohida maxsus qatnov yo‘li bo‘ladi.

Hozir Nurafshon–Qo‘yliq yo‘nalishida 15ta jamoat transport qatnovi bor. Mazkur loyiha amalga oshsa, yo‘nalishlar maqbullashtiriladi.

Shu kuni Davron Hidoyatov Chirchiq shahrida xitoylik investorlar bilan hamkorlikda quriladigan yangi zavod loyihasi bilan ham tanishdi. 400ta yangi ish o‘rni yaratiladigan, 40 million dollarga baholanayotgan bu loyiha qurilish sanoati uchun import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqaradi.

Top