19:03 / 01.02.2021
59782
Otabekov britancha shtamm qanday belgilar bilan kechishi haqida ma'lumot berdi

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Nurmat Otabekov britancha shtamm bilan kasallanganda qanday belgilar kuzatilishi haqida ma'lumot berdi.

Uning ma'lum qilishicha, koronavirusning britancha shtammi bilan kasallanganda bosh og‘rig‘i, mushaklardagi og‘riq, tez boshlangan va avjiga chiqqan yo‘tal, ba'zan ko‘ngil aynish kabi klinik belgilar kuzatiladi.

«Britancha shtammning koronavirusning avvalgi shakllaridan farqi unda hid va ta'm bilish yo‘qolishining nisbatan kamroq kuzatilishidadir. Boshqa ko‘rsatkichlar bir-biriga o‘xshash.

Bu shtamm boshqalariga nisbatan tezroq tarqalyapti va bolalarga ko‘proq yuqyapti. Shuni ta'kidlash lozimki, bu virusning oxirgi mutatsiyasi emas. Virus ham izlanishda va u yangi shtammlarini paydo qilish orqali o‘zining himoyasiga harakat qilmoqda. Bundan fojia yasamaslik kerak.

Britancha shtamm ham boshqalari singari alomatlarsiz kechishi mumkin. Hozir bu shtamm aniqlangan o‘zbekistonlik bemorning ham ahvoli yaxshi, unda jiddiy klinik belgilar kuzatilmagan. Kasallik asosan yengil va simptomlarsiz o‘tadi. Organizmning immun tizimi bu kasallikka qarshi kurashishga qodir bo‘lmasa, quvvatsizlangan bo‘lsagina og‘irroq kechishi mumkin», dedi Otabekov koronavirusning britancha shtammiga qarshi ko‘rilayotgan choralar yuzasidan o‘tkazilgan brifingda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top