20:59 / 01.02.2021
31918
Polshaning 77 yoshli sobiq prezidenti muhtojlik sababli ish izlayotganini ma'lum qildi   

Polshaning sobiq prezidenti va Nobel mukofoti sovrindori Lex Valensa koronavirus pandemiyasi va pensiyasi yetmayotgani sababli ish izlayotganini ma'lum qildi.   

Foto: Piotr Matusewicz /East News

“Men qo‘shimcha ish izlamoqdaman. Chunki birgina pensiyaga yashaymiz. Avval G‘arbga universitetlarda ma'ruzalar o‘qigani borardim, biroq pandemiya meni bunday imkoniyatdan mahrum qildi. Pensiya esa yetmayapti, chunki rafiqam ko‘p pul sarflashni yaxshi ko‘radi”, deb aytgan Valensa. Sobiq prezidentning ta'kidlashicha, unga elektrchi kasbi ko‘proq mos keladi, chunki shu yo‘nalish bo‘yicha ta'lim olgan.

“Men mamnuniyat bilan elektrchi bo‘lib ishlardim. Hanuzgacha Om, Kirxgof qonunlari va boshqa ba'zi narsalar esimda. Biroq jin ursin, barchasi o‘zgarib ketdi va hozirgi mashinalar meni o‘ldirib qo‘ymasmikin, deb qo‘rqaman”, deb ta'kidlab o‘tgan Valensa.

77 yoshli siyosatchining ta'kidlashicha, u pensiyaga chiqqandan keyin 6 ming zlotiy (1,6 ming dollar) miqdorida pensiya oladi, biroq rafiqasi har oy “7 ming zlotiy” sarflaydi.

Ta'kidlanishicha, Polshada o‘rtacha oylik 4,9 ming zlotiyni tashkil qiladi. 

Avvalroq ham Valensa moliyaviy ahvolidan shikoyat qilib, “tilanchilik qilishga ham tayyorligini” aytgan.

Lex Valensa 1983 yilda tinchlik uchun Nobel mukofotini olgan. U Polshani 1990-1995 yillarda boshqargan. Valensa pandemiyagacha dunyoning turli universitetlarida pullik ma'ruzalar o‘qib kelgan. 

Top