10:14 / 01.02.2021
14648

«Pul bermasdan aytganimda boshqa gap edi». Shavkat Mirziyoyev ishsizlik masalasida rahbarlarni tanqid qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 yanvar kuni joriy yilda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati (arxiv)

«Maxsus rakurs» ko‘rsatuvining navbatdagi sonida ma'lum qilinishicha, yig‘ilishda ishsizlik masalasi ko‘tarildi. Kollejlarni transformatsiya qilishni shoshmasdan, yetti o‘lchab, bir kesgan holda amalga oshirish lozimligi aytildi. 

Prezident uchun prognoz ko‘rsatkichlari, hisobot raqamlari va statistik ma'lumotlar birinchi darajali emas. Hukumatdan talab qilinayotgani - odamlarga ko‘nikma berish va ularni o‘z bizneslarini to‘g‘ri yuritishga o‘rgatishdan iborat, deyiladi ko‘rsatuvda.

«Men yana bir marta aytaman: qog‘oz hamma narsani ko‘taradi. Men sizlar bilan bu majlisni o‘zimni ham qiynab, sizlarni ham qiynab o‘tkazmas edim. Favqulodda vaziyat, har 15 kunda prezidentga har bir tuman bo‘yicha tahlil. Pirovard maqsad - ish joyi. Sizlarda shu, boshqa hech qanday ko‘rsatkich yo‘q. Ish joyi, yalpi ishlab chiqarish, bo‘ldi. 

Pul bermasdan aytganimda boshqa gap edi, monomarkazlar bo‘lmay, tizimni qilib bermaganimda boshqa gap edi. To‘g‘rimi? Tuzilma qilib bermay, Kambag‘allikni qisqartirish va iqtisodiy taraqqiyot vazirligi bo‘lmaganida boshqa gap edi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Davlat rahbari mansabdor shaxslar oldiga uzluksiz mexanizmni ishga tushirish bo‘yicha aniq vazifa qo‘ydi. 

Top