16:03 / 01.02.2021
47872
Putin Davos virtual minbaridan o‘z raqiblariga bilvosita javob qaytardi

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin 2021 yil 25-29 yanvar kunlari onlayn tarzda o‘tkazilgan «XXI asr uchun Davos kun tartibi» Jahon iqtisodiy anjumanida katta dasturiy nutqi bilan ishtirok etdi. Bundan avval, Putin Davosda hamkasbi Dmitriy Medvedev bilan rokirovka qilinib, bosh vazir bo‘lib turgan paytida, ya'ni 12 yil muqaddam 2009 yilda ishtirok etgan edi.

Foto: TASS via Getty Images

Davos dengiz sathidan 1,560 metr balandlikda joylashgan Alp tog‘laridagi bahavo chang‘i uchish dam olish kurort maskani, Shveytsariyaning o‘ziga xos «Amirsoy-Chimyoni» hisoblanadi. Davos iqtisodiy forumi an'anaviy ravishda har yili yanvar oyining oxirlarida bo‘lib o‘tadi. Unda jahonda ko‘zga ko‘ringan siyosiy va iqtisodiy soha vakillari hamda jurnalistlar taklifnoma asosida ishtirok etishadi.

Ilk bor anjuman 1971 yilda o‘tkazilib, unga anjumanning asoschisi, nemis iqtisodchi olimi Klaus Shvab doimiy o‘zgarmas rahbarlik qilib kelmoqda. Shvab va Putin bir-birlarini 1992 yildan beri tanishadi. Bu haqda Putin o‘z nutqi boshida e'tirof etdi. Xalqaro sanksiya va sazoyi so‘zlar ostida qolayotgan Moskva uchun virtual bo‘lsa-da, o‘z mavqeyini baralla aytish uchun shunday jahon supasi imkoniyati paydo bo‘lishi ayni muddao bo‘ldi. Kursisiga ko‘proq ortga suyangan holatda, go‘yo hafsalasizdek ko‘ringan, 40 daqiqacha davom etgan o‘z ma'ruzasida Putin xalqaro siyosiy muhitidagi mavjud ziddiyatlar yaqin istiqbolda yanada taranglashishi mumkinligidan jahon hamjamiyatini ogohlantirdi.

Uning fikricha, albatta tarixda bevosita parallellar mavjud bo‘lmaydi, ammo ayrim mutaxassislarning joriy vaziyatni 1930-yilga qiyoslashlarida jon bordek. Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasi dunyoda to‘plangan nomutanosiblikni kuchaytirib yuborgan. Ko‘p jihatdan, muammolar va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarning miqyosi, murakkab tizimli xususiyati qaltis pallada turgan o‘xshashliklarga mos kelmaydi deyish qiyin.

Bunga tub sabab iqtisodiy rivojlanishning avvalgi model va vositalarining tanazzuli asnosida ham global, ham alohida mamlakatlarda kuzatilayotgan o‘tkir ijtimoiy tabaqalanishdir. Bu o‘z navbatida ijtimoiy nuqtai nazarlarning keskin qutblashishiga turtki yasab, ichki siyosiy jarayonlar, shu jumladan sanoati rivojlangan yetakchi mamlakatlarda ham quruq safsatabozlik, o‘ng, so‘l va boshqa mutaassibchilikning avj olib, kuchayib borishidir. Bu pirovard natijada bularning barchasi xalqaro munosabatlarning tabiatiga ta'sir qilmay qolmaydi, beqarorlik va oldindan bashorat qilish imkoniyatining yo‘qligi masalasi battar yomonlashadi.

Putinga ko‘ra, hozirda xalqaro tashkilot va muassasalarning zaiflashuvi kuzatilmoqda, mintaqaviy mojarolar ortib bormoqda hamda butunjahon xavfsizlik tizimi bo‘hron kabi ichidan zil ketmoqda. Ma'lumki, XX asrda shu singari muammolarga mohiyatan yechim topishga qodir va tayyor bo‘lmaslik bashariyat falokatini keltirib chiqargan Ikkinchi jahon urushiga yetaklagan, deb sergaklikka chaqirdi Putin.

Albatta, endi bu kabi jahonshumul keskin ziddiyat sodir bo‘lmasligiga Putin katta umid bog‘laydi, chunki u tamaddunning mutlaq ado bo‘lishi mumkinligini anglatgan bo‘lar edi. Baribir dunyo taraqqiyotining haqiqatan izdan chiqish voqe'ligiga duch kelish ehtimoli yo‘q emas, bunday taqdirda hamma hammaga qarshi kurashadi, allaqachon boshqa sabablar bois pishib yetilgan qarama-qarshiliklarga yechim topish uchun ayb «ichki» va «tashqi» dushmanlarga to‘nkariladi. Shu munosabat bilan Rossiya davlat rahbari dunyo hamjamiyati oldida turgan muammolarni quyidagi uchta asosiy tezis shaklida ilgari surdi. Bular,

1. Sotsial-iqtisodiy chaqiriqlar. Globallashuv va ichki o‘sish rivojlanayotgan mamlakatlarning kuchli o‘sishiga olib kelib, bir milliarddan ortiq kishini qashshoqlikdan chiqishiga xizmat qildi. Agar bir kishi boshiga sutkasiga 5,5 dollar daromad darajasi olinadigan bo‘lsa, Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoyda kam daromadli aholi soni 1990 yildagi 1,1 milliarddan oxirgi yillarda 300 milliongacha qisqargan. Rossiyada esa bu ko‘rsatkich 1999 yildagi 64 million kishidan hozirgi kunda taqriban 5 million kishiga tushgan.

Rivojlanayotgan mamlakatlar globalizatsiyadan ko‘p manfaat ko‘rdi. Rivojlangan mamlakatlarda esa tabaqalanish muammolari yanada chuqurroq ildiz otdi. AQShda kuniga 5,5 dollardan kam daromad topuvchilar 2000 yilda 3,6 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2016 yilga kelib bu ko‘rsatkich 5,6 million kishini tashkil etgan, Yevropaning yirik iqtisodlarida ham vaziyat Qo‘shma Shtatlardagi kabi ko‘rinish kasb etadi. Globallashuv yirik transmilliy, birinchi navbatda Amerika va Yevropa kompaniyalarining sezilarli o‘sishiga olib kelgan. Xo‘sh, asosiy daromad kimning kissasida qoldi? Javob oddiy – aholining atigi bir foiziga. So‘nggi 30 yil ichida qator rivojlangan mamlakatlarda fuqarolarning yarmidan ko‘pining daromadlari real ravishda turg‘unlashdi. Lekin ta'lim va sog‘liqni saqlash xizmatlarining narxi uch karra oshdi. Xalqaro mehnat tashkilotining ma'lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda dunyodagi 21 foiz yoki 267 million yoshlar na o‘qigan va na ishlagan.

Koronavirus pandemiyasi bu muammolarni yanada kuchaytirgan. O‘tgan yili global iqtisodiyotning pasayishi Ikkinchi jahon urushidan so‘ng eng katta pasayish bo‘lgan – 250 mln. kishilik ish o‘rinlari yo‘qotilgan. 2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida dunyo bo‘ylab mehnat daromadlarining yo‘qotilishi 3,5 trillion dollarga teng bo‘lgan. Va bu ko‘rsatkich jamiyatdagi ijtimoiy keskinlikni yanada kuchaytiradi, inqirozdan chiqish va tiklanish oson kechmaydi.

2. Ijtimoiy-siyosiy chaqiriqlar. Iqtisodiy muammolar va tengsizlikning o‘sishi jamiyatni parchalab, ijtimoiy, irqiy va milliy toqatsizlikni keltirib chiqaradi. Tizimli sotsial-iqtisodiy muammolar ijtimoiy norozilikka sabab bo‘lib, bu muammolarning mohiyatan hal qilinishini taqozo etadi. Ularni beparvolik bilan pisanda qilmaslik yo burchakka haydash xatarli sarob hisoblanib, jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunda jamiyat ham siyosiy, ham ijtimoiy jihatdan parokanda bo‘ladi.

Aslida odamlar noroziligining tub sabablari ba'zi taxminiy narsalarga asoslanmaydi. Ular har qanday siyosiy qarashlarga ega bo‘lishlaridan qat'iy nazar, ularning noroziliklarini keltirib chiqaruvchi real muammolarga yechim topish darkor. Jamiyat hayotida nihoyatda yirik zamonaviy texnologiyaga asoslangan raqamli korporatsiyalarning o‘rni tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Ular endi amalda muayyan yo‘nalishlarda butun boshli davlatlar bilan tengma-teng bellasha oladilar. Ularning auditoriyasi milliardlab foydalanuvchilar bilan o‘lchanadi. Mazkur kompaniyalarning monopol holati jamoat manfaatlariga naqadar uyg‘un keladi? Xizmatlari zarur bo‘lgan jahon darajasidagi muvaffaqiyatli tadbirkorlik bilan mislsiz ma'lumotlar bazasini bir tutamga to‘plab, uni o‘z xohishlariga ko‘ra qo‘pol ravishda jamiyatni boshqarish, legitim hukumatlarni ag‘darish, o‘z irodalarini erkin izhor etish kabi insonlarning tabiiy huquqlariga xo‘jayinlik qilish va uni cheklashga bo‘lgan urinishlar o‘rtasidagi sarhad-chegara o‘zi qayerda?

3. Xalqaro muammolarning keskinlashuvi chaqirig‘i. XXI asrning kirib kelgan yangi uchinchi o‘n yilligi mobaynida duch kelishimiz mumkin bo‘lgan tahdid – barcha xalqaro muammolarning yanada kuchayishidir. Yechimini topmagan va oshib-toshib borayotgan ichki muammo va barcha kulfatlar tugunini boshqalarga to‘nkash, o‘z fuqarolarining g‘azabi va noroziliklarini tegishli joyga yo‘naltirishga undashi mumkin. Biz buni allaqachon ko‘rib, sezib turibmiz – ayrim mamlakatlar tashqi siyosatida targ‘ibotcha so‘zamollik darajasi kuchayib bormoqda. Amaliy harakatlarning tabiati yanada tajovuzkor bo‘lishini kutish mumkin. Ularga itoatkor, oson boshqariluvchi ittifoqdosh davlat roliga rozi bo‘lmagan mamlakatlarga nisbatan bosim o‘tkazish, savdoga to‘sqinlik qilish vositalaridan foydalanish, asossiz sanksiyalar hamda moliyaviy, texnologik va axborot sohalarini cheklash va h.k. choralar kiradi. Bu kabi qoidasiz o‘yin harbiy kuchni uydirma bahonalar bilan bir tomonlama qo‘llash xavfini keskin oshiradi. Bu esa sayyoramizda yangi qaynoq nuqtalar paydo bo‘lish ehtimolini oshiradi. Bularning barchasi esa bizni xavotirga solmasdan qo‘ymaydi.

Putinning Davosdagi nutqida ko‘tarilgan mavzularni kundan-kunga mahalliy va xalqaro darajada katta bosim ostida qolayotgan Rossiyaning tashqi va ichki siyosati bilan bog‘liq masalalarga nisbatan Moskva nuqtai nazarini yetkazish, ushbu onlayn minbar orqali bilvosita o‘z raqiblariga yo‘llagan o‘ziga xos javobi, deb baholash mumkin.  

Chunki, mazkur nutqdan bir kun avval Putin Jo Bayden bilan telefon orqali muloqot qilgan edi. Aftidan Moskvaning Jo Bayden boshliq AQSh demokratlar ma'muriyati bilan kelgusi 4 yil mobaynidagi munosabatlari ancha og‘ir va murakkab kechadigan ko‘rinadi. 26 yanvarda Oq uy tomonidan e'lon qilingan press-relizda Jozef Bayden Rossiya prezidenti bilan o‘zaro Strategik hujum aslahalarini qisqartirish shartnomasini kelgusi 5 yillik muddatga uzaytirishga kelishib olishgani ma'lum qilingan.

Shuningdek, amerika tomoni Ukraina suverenitetini qat'iy qo‘llab-quvvatlashini bildirib, AQShning yuzlab vazirlik va davlat idoralari ma'lumotlari boy berilgan SolarWinds yirik hakerlik hujumi, go‘yo Afg‘onistonda AQSh askarlarining «yo hayot, yo mamoti» uchun joriy etgan mukofoti, 2020 yilgi AQSh saylovlariga kiber aralashuvi, Aleksey Navalniyning zaharlanishi kabi Vashington uchun tashvishli bo‘lgan masalalarda Rossiyaga nisbatan o‘z da'volarini bayon etgan. Vashington va uning ittifoqchilariga ziyon yetkazuvchi har qanday harakatlarga javoban Qo‘shma Shtatlar o‘z milliy manfaatlarini qat'iy himoya qilajagini Bayden ta'kidlagan.

Qiziq tomoni, Kreml vebsahifasidagi ushbu telefon qo‘ng‘irog‘i to‘g‘risidagi xabarda bu masalalar muhokama qilingani haqida hech narsa aytilmagan. Ammo Oq uy axborotida ham zikr etilmagan pandemiya sohasidagi hamkorlik, AQShning Ochiq osmon shartnomasidan bir tomonlama chiqib ketishi, Eron yadroviy dasturi va BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a'zolarining yuqori darajadagi uchrashuvini o‘tkazish masalalariga oid fikr almashilgani Rossiya prezidenti matbuot kotibiyati xabarida qayd etilgan.

Putinning jamoatchilik uchun umumiy ma'ruzasidan so‘ng ma'lum tanaffusdan keyin u bilan tor doirada savol-javoblardan iborat muloqot qismi ham davom etgan, ammo uning mazmuni ochiq manbalarda mavjud emas. Putin nutqi Rossiya va xorijiy telekanallar orqali, shu jumladan YouTube’da ham efirga uzatildi. 

Jadval muallif tomonidan tuzilgan.

Avvalroq, balki sportdan biroz bezibmi, siyosiy faoliyatga o‘zini urgan shaxmat bo‘yicha ko‘p karra jahon chempioni Garri Kasparov o‘zining Tvitter akkauntida Putinning Davosda chiqishi «uning shafqatsiz qatag‘oniga qaramay, G‘arbda hali ham qabul qilinuvchi shaxs ekanligiga o‘z tarafdorlarini inontirishga bo‘lgan urinishdir», deb munosabat bildirgan. Rossiya bo‘ylab yuz minglab kishilarni junbushga keltirgan Aleksey Navalniyning kompyuter grafikasi yordamida suratga olgan «saroy» filmini «Yutub»da o‘n kun ichida 103 milliondan ortiq kishi tomosha qilgan. Navalniyning zaharlanishi va panjara ortiga tashlanish epizodlari V.Putinning Davosdagi nutqidagi so‘zlari salmog‘ini ancha pasaytirib qo‘yish ehtimoli yo‘q emas.

Pandemiya davrining ayrim ijobiy jihatlaridan biri avval kiborlilargina ochiq bo‘lgan tadbirlarni istagan fuqaro, dunyoning istagan chekkasidan turib kuzatsa bo‘ladigan oddiy holatga aylantirgan. Bu esa davlat va jamoat arboblaridan har bir kalomlarini katta mas'uliyat va javobgarlik bilan aytishni taqozo etadi.

Islom Karimov ham mustaqillikning ilk yillari Davos anjumanlarining 1992 yil 2 fevral, 1993 yil 28 yanvar, 1994 yil 27-31 yanvar, 1995 yil 27 yanvar-1 fevral kunlaridagi bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari aziz mehmoni bo‘lgan. 1992 yilgi MDH davlatlaridan qatnashgan Armaniston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Ukraina, O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat rahbarlari ishtirokidagi «Yangi sheriklar» nomli xos sho‘'basiga AQSh sobiq davlat kotibi va xalqaro munosabatlari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Genri Kissinjyer raislik qilgan. 2021 yilgi Davos uchrashuvi doirasidagi davlat va jamoat arboblarining haqiqiy yuzma-yuz uchrashuvlari Singapurda shu yili o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

 Zabihullo Soipov
siyosiy fanlar nomzodi, mustaqil tadqiqotchi

Top