21:06 / 01.02.2021
10229

Rossiya qurilish korxonalari tomonidan O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan sinovlar Sirdaryoda o‘tkazilmaydimi?

27-31 yanvar kunlari Rossiyaning ikkita qurilish korxonasi Samarqand shahrida mamlakatning 9 ta hududi aholisi uchun Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni tanlov asosida suhbatdan o‘tkazdi. Ushbu sinovda sirdaryoliklar ham qatnashishi belgilangan edi. Ammo sinovlarda bu viloyatdan sanoqli odam qatnashdi. Qolganlarga Samarqandga kelmaslik va sinovlar Sirdaryo viloyatining o‘zida bo‘lib o‘tishi aytilgan. Ammo so‘nggi kunlarda tashkilotchilar va ish beruvchilarning rejasi o‘zgarib ketdi shekilli, endi Sirdaryo viloyatida sinovlar umuman o‘tkazilmasligi oydinlashmoqda.

Foto: O‘zA

Avvalroq, Tashqi mehnat migratsiya joriy yil 15-31 yanvar kunlari «PIK Industriya» AJ va «Texstroy» MChJ qurilish korxonalari vakillari Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni tanlov asosida suhbatdan o‘tkazishni rejalashtirgani haqida xabarlar berilgan edi.

Xabarlarda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri aholisi uchun sinovlar Samarqand shahridagi Transport kolleji binosida 25-31 yanvar kunlari o‘tkazilishi ma'lum qilingan edi. Ammo grafikdan 2 kun kechikib boshlangan bu tanlovga Sirdaryo viloyati fuqarolari yuborilmagan. Kun.uz 30 yanvar kuni bu masala yuzasidan Sirdaryo viloyati aholisidan yuborilgan murojaat bo‘yicha surishtiruv o‘tkazgan va maqola e'lon qilgan edi.

31 yanvar kuni Tashqi mehnat migratsiya agentligining Sirdaryo mintaqaviy filiali o‘zining rasmiy kanalida Kun.uz’da berilgan maqolaga nisbatan raddiya e'lon qildi. Unda, «Tashqi mehnat migratsiya agentligining Sirdaryo mintaqaviy filiali Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan sinovlar to‘xtatilgani haqida ma'lumot bermagan» deyiladi. Kun.uzda berilgan maqolada ham Samarqandda o‘tkazilayotgan sinovlar to‘xtatilgani haqida hech gap yo‘q. Faqat Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan sirdaryoliklarni Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan sinovlarda qatnashishdan qaytarilgani ma'lum qilingan.

30 yanvar kuni Sirdaryo mintaqaviy filiali boshlig‘i Sirojiddin Isroilov Kun.uz muxbirining savollariga javob bera turib «Biz sinovda qatnashmoqchi bo‘lgan fuqarolarni Samarqandga olib borish uchun avtobuslargacha tayyorlab qo‘ygan edik. Ammo viloyat huquqni himoya qilish organlari ruxsat berishmadi. Tashkilotchilar sinovni Sirdaryo viloyatining o‘zida tashkillashtirmoqchi. Faqat sanasi aniq emas» degan edi. Raddiyada esa gapni umuman boshqa yoqqa burib yuborishibdi.

Raddiyada Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan sirdaryoliklar 31 yanvardan 3 fevralgacha Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan sinovlarda qatnashishi mumkinligi ham ma'lum qilingan. Ammo Tashki migratsiya agentligiga ma'lumot so‘rab murojaat qilganimizda, xodimlardan biri Umid Ergashev 2-3 fevral kunlari sinovlar Qashqadaryoda bo‘lib o‘tishini ma'lum qildi. 2-3 fevral kunlarida sinovlar Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilsa sirdaryoliklar qanaqasiga «3 fevralgacha Samarqandda bo‘lib o‘tadigan sinovlarda qatnashishi mumkin»? Nega Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mutasaddisi boshqa ma'lumot beryaptiyu, uning Sirdaryo filiali raddiyada unga zid bo‘lgan ma'lumotni yozyapti? Aytaylik, raddiya 31 yanvar kuni e'lon qilindi, ish beruvchilar va tashkilotchilarning rejasi 1 fevral kuni o‘zgardi. Shunday bo‘lganda ham agentlikning Sirdaryo filiali o‘zining rasmiy kanalida o‘zgarish haqida e'lon berib qo‘ysa bo‘ladiku!

Raddiyada Sirdaryo viloyatida ushbu sinovlarda qatnashish uchun 300 nafardan oshiq odam ro‘yxatga yozilgani ma'lum qilingan. Ro‘yxatga yozilganlarning asosiy qismi hali sinovlarda qatnashmagan va uning Sirdaryo viloyatida o‘tkazilishini kutyapti. Buyoqda esa sinovning Sirdaryoda o‘tkazilishi mavhum bo‘lib turibdi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xodimlaridan biri ish beruvchilar 3 fevral kuni Qashqadaryodagi sinovlarni tugatib so‘ng Samarqandga qaytishini va 4 fevral kuni kechki payt Rossiyaga qaytib ketishini ma'lum qildi. Bundan xulosa chiqarish mumkinki, Sirdaryo viloyatida sinovlar o‘tkazilmaydi va qariyb 300 nafarga yaqin Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan sirdaryoliklar «sinov bugun o‘tkaziladi, erta o‘tkaziladi» deb yolg‘on ma'lumotlar bilan aldab kelindi.

Sirdaryo viloyatidan Kun.uz’ga yo‘llangan murojaatda, Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan sirdaryoliklar viloyat tashqi migratsiya filialida sinovlar boshlanishidan avval ro‘yxatdan o‘tganini, ammo filial mutasaddilari ularni Samarqandga borishdan qaytarganini va sinovlar Sirdaryo viloyatining o‘zida o‘tkazilishini aytganini ma'lum qilishgan.

Bundan tashqari, ular murojaatda sinovlar Sirdaryoda o‘tkazilmasligi mumkinligini, Rossiya qurilish korxonalari Farg‘ona va Urganchda o‘tkazilgan sinovlarda ko‘p odam olgani uchun Sirdaryo viloyatidan Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni suhbatdan o‘tkazishga ehtiyoj qolmagani haqidagi gap-so‘zlarni eshitishganini yozishgan.

Dono xalqimizda «shamol bo‘lmasa daraxt barglari qimirlamaydi» degan ibora bor. Bundan bir necha kun oldin sirdaryolik murojaatchilar «Sirdaryoda sinovlar o‘tkazilmas ekan deb eshitdik» degan gap bugun rostga aylanib, o‘sha ibora bejizga aytilmasligi yana bir bor tasdiqlanyapti.

Shu o‘rinda muhim bir jihatga e'tibor qaratamiz. Sirdaryoliklar Samarqandda o‘tkazilgan sinovlarda umuman qatnashmadi deb bo‘lmaydi. Qatnashdi, faqat sanoqli odam qatnashdi. 30 yanvar kuni kechki payt Kun.uz muxbiri Samarqand shahrida sinovlar o‘tkazilgan Avtomobilsozlik kollejiga borganida, u yerda Tashqi migratsiya agentligining tashkiliy ishga joylashtirish boshqarmasi boshlig‘i Azamatjon Matlyubov sirdaryoliklarning shaxsiy avtotransportga ega bo‘lganlari 27-30 yanvar kunlarida Samarqandga kelganini va sinovlarda qatnashganini aytgandi. O‘shanda u 30 yanvar kuniga tegishli bo‘lgan ro‘yxatni ko‘rsatgan va unda bir necha nafar sirdaryoliklar ham qayd etilgan edi. Sirdaryoliklarning «bizni Samarqandga yuborishmayapti» deb Kun.uz’ga yo‘llangan murojaati va buni agentlikning Sirdaryo filiali rahbari «avtobuslar tayyorlab qo‘ygandik, to‘xtatishdi» deb tasdiqlaganini inobatga olsak, Samarqandda o‘tkazilgan sinovlarda sanoqli sirdaryoliklar qatnashgani ma'lum bo‘ladi. Qolganlari esa hozircha sinovlar bo‘lib o‘tishini kutyapti. Umid bilan kutyapti...

P.S. Kun.uz muxbiri bugun agentlikning Sirdaryo filiali rahbari Sirojiddin Isroilov bilan bog‘landi. Filial rahbari Rossiya qurilish korxonalari o‘tkazayotgan sinovlar haqida ortiq hech qanday ma'lumot bera olmasligini ma'lum qildi. Unga sirdaryoliklar ertaga Samarqandga kelib sarson bo‘lib yurmasin. 2-3 fevral kunlari sinovlar Samarqandda emas, Qashqadaryoda bo‘lib o‘tishini inobatga olib, Kun.uz’da berilgan maqolaga raddiya e'lon qilingan rasmiy kanalda bu haqda ham e'lon berib qo‘yish lozimligini aytmoqchi edik, ulgurmadik.

Top