17:12 / 01.02.2021
25253
Shtab a'zosi: «Yangi shtamm o‘ta yuquvchan va yoshlarni ham zararlay olishi mumkinligi bilan xavfli»

Joriy yilning 30 yanvar kuni O‘zbekistonda Covid-19 koronavirus infeksiyasining «britancha shtammi»ga chalingan ilk bemor qayd etildi. Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi E'zozbek Rizayev Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga bu kasallikning tarqalishi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Shtab a'zosi 2019 yil oxirida Xitoyning Uhan shahrida aniqlangan Covid-19 virusini tekshirish, aniqlash va davolash yo‘lida ilmiy izlanishlar davom etayotganini ta'kidlagan.

«O‘tgan fursat ichida virus ham o‘zgarib, mutatsiyaga uchrab, yangidan yangi shakllarga o‘tib bordi. Ayni paytdagi virus avvalgisidan 20ta jihati bilan ajralib turadi. «Britancha shtamm»ning ikki oy mobaynida 17ta jihati o‘zgarib, tez mutatsiyaga uchramoqda. Shuningdek, u o‘ta yuquvchan va yoshlarni ham zararlay olishi mumkin bo‘lganligi bilan ham xavflidir.

Koronavirusning yangi B.1.1.7 shakli tez sur'atlarda tarqalishi bilan dunyo olimlari e'tiborini tortdi va yangi shtamm tariqasida ifoda etildi.

Virus mutatsiyasi uzoq vaqt onkologik kasallikka chalingan va immunitetni bosuvchi dori vositalarni qabul qilgan inson organizmida uzoq muddat mutatsiyaga uchrashi natijasida yuzaga kelgani qayd etilmoqda.

Shu bois, yangi shtammni PZR test yordamida aniqlash mushkul ekanligi aytilmoqda. Mutatsiyaga uchragan virus PZR tekshiruvidagi immun javobni aylanib o‘tishga qodirligi, uni to‘g‘ri diagnostika qilish bir oz mushkul ekani bilan ham ajralib turadi.

Covid-19 virusining B.1.1.7 shakli - «britancha shtammi» o‘z tarkibidagi ikkita aminokislotani yo‘qotib, organizmning immun javobi, ya'ni antitanachalarini aylanib o‘tishga muvaffaq bo‘ladi. Bu virusning tez tarqalishiga imkon yaratyapti. Shu bois, yangicha shtamm keng tarqalib ketishining oldini olishimiz kerak. Buning uchun esa, karantin talab-qoidalariga so‘zsiz rioya qilishimiz zarurligi shubhasiz», deya ta'kidladi E'zozbek Rizayev.

U karantin qoidalariga rioya etish ushbu shtamm keng tarqalishining oldini olishda muhimligini ta'kidlagan.

«Britaniya va dunyo olimlarining berayotgan tavsiyalariga qaraganda, yangi shtamm tarqalishining oldini olishning yagona va to‘g‘ri yo‘li — bu zararlangan bemorni yakkalash (izolyatsiya) va ular bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarni ham alohida nazoratga olishdir. Faqatgina shu yo‘l bilan tez tarqaluvchi «britancha shtamm»ning tarqalish ko‘rsatkichini kamaytirish mumkin. 

Yodingizda bo‘lsa, Xitoyning Uhan shahrida koronavirus infeksiyasi aniqlanganidan so‘ng o‘tgan yilning yoz oylarida uning «Ispaniya shtammi» ham paydo bo‘ldi. Bu shtamm ham juda tez tarqaluvchi tur, deya e'tirof etilgan edi. Vaqt o‘tishi natijasida, bu shtamm tarqalishining sababi insonlar migratsiyasi ekani aniqlandi. Bu holat esa oddiy sanalgan karantin qoidalariga rioya qilish va tibbiy niqoblarni doimiy taqib yurish bilan bartaraf etildi. 

Hozirgi kunda ko‘cha-ko‘yda, transport, bozor va do‘konlarda fuqarolarimizning o‘ta xotirjamligi, karantin talab-qoidalarini pisand qilmayotgani, oddiy himoya vositalarini taqmasligining guvohi bo‘lyapmiz. 

To‘g‘ri, O‘zbekistonda ayni paytda epidemiologik barqaror vaziyat hukmronlik qilmoqda. Ammo bu koronavirus infeksiyasi tarqalish xavfi butunlay tugadi, degani emas. Yuqorida aytilganidek, Covid-19’ning B.1.1.7 shakli — «britancha shtammi»ni yengishning yagona yo‘li karantin qoidalariga amal qilishdir. 

Ayni paytda mamlakatimizda karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatilmoqda. Agar aholimiz mana shu yumshatilgan tartibga to‘liq rioya qilmasa, uning oqibatlari qat'iy choralar ko‘rilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, barchasi o‘zimizga bog‘liq. 

Muhimi, Covid-19’ga qarshi vaksina yangi shtammda ham foyda berishi aniqlangan. Shu bois, ommaviy emlash bizning yurtimizda boshlanishiga qadar har bir fuqaro o‘z salomatligiga o‘zi mas'ul bo‘lib, tibbiy niqobdan muntazam foydalansa, karantin qoidalariga rioya qilsa, shubhasiz, biz dunyoning qator davlatlarida davom etayotgan bugungi epidemiologik noxush vaziyatdan saqlanib qolamiz», degan u. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top