20:52 / 01.02.2021
4082
Tojikistonda 2020 yilgi o‘limlar soni avvalgi yildagidan qariyb 9 mingtaga ko‘proq bo‘ldi

Tojikistonda ortda qolgan 2020 yil davomida 41 ming 693 kishi vafot etgan. Bu haqda mamlakat adliya vaziri Muzaffar Ashiriyon OAV vakillari uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilgan.

«Aziya-Plyus» nashrining yozishicha, 2020 yil Tojikistonda bir yil oldingidan 8 ming 643 nafar ko‘proq odam vafot etgan. O‘lim ko‘rsatkichining bunday oshishiga izoh berilmagan. Matbuot anjumanida bir yil davomida Tojikiston qamoqxonalarida 11 mahbus pnevmoniyadan halok bo‘lgani aytildi.

Tojikiston adliya vaziriga ko‘ra, 2020 yil mamlakatda 67 mingta nikoh qayd etilgan va bu bir yil oldingiga qaraganda 12 mingtaga kamroq degani. O‘tgan yilda mos ravishda ajrimlar soni ham kamaygan. 2020 yil davomida 10,5 mingta tojikistonlik oila ajrashib ketgan va bu 2019 yildagidan 2,5 mingta kam degani.

«Aziya-Plyus»ning yozishicha, koronavirusdan o‘limlar bo‘yicha hukumat berayotgan ma'lumot (90 kishi) ishonchli emas. Nashr bu borada o‘tkazgan surishtiruvini eslagan. Unda muxbirlar «S20» deb ataladigan maxsus qabrlar borligini, bu qabrlarga koronavirusdan o‘lganlar kechasi maxsus xodimlar tomonidan ko‘milishini aniqlagan.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, Tojikistonda 13 308 kishi koronavirus yuqtirgan va 90 kishi virus sabab vafot etgan. 10 yanvardan buyon Tojikistonda hech kimda koronavirus aniqlanmagan va Imomali Rahmon Tojikiston koronavirusni yengganini e'lon qilgandi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda ortda qolgan 2020 yil davomida 175,6 ming kishi vafot etgan. Bu 2019 yilgiga qaraganda 21 mingga ko‘proq degani.

Top