22:02 / 02.02.2021
21415

Aung San Suu Ki. U qanday qilib erkinlik kuychisiga aylangan, ammo keyin G‘arbga xush kelmay qolgandi?

1 fevral tongida harbiylar Myanmada (bu davlat Birma nomi bilan tanilgan) hokimiyatni qo‘lga olishdi va mamlakatning amaldagi yetakchisi Aung San Suu Ki, prezident Vin Min va boshqa yuqori martabali amaldorlar qamoqqa tashlandi.

GETTY IMAGES/BBC

O‘tgan yil noyabrida o‘tkazilgan saylovlarda Aung San Suu Ki boshchiligidagi «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi hukumatni mustaqil shakllantirish uchun yetarli bo‘lgan miqdorda ovoz olgandi. Generallar esa saylovlar natijalarini soxtalashtirilgan deb topishdi. Yangi parlamentning birinchi sessiyasi aynan dushanba kuni boshlanishi kerak edi, ammo armiya deputatlarga ish boshlash imkonini bermadi va hokimiyat mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Min Aung Hlaing qo‘liga o‘tgani e'lon qilindi.

Harbiylarga tegishli bo‘lgan telekanal mamlakatda bir yil muddatga harbiy holat joriy qilinganini ma'lum qildi. Aung San Suu Ki o‘z tarafdorlarini «buni qabul qilmaslik»ka va «davlat to‘ntarishiga qarshi chiqish»ga chorlashga ulgurgandi.

Ko‘pchilik uchun Birma nomi bilan tanilgan Myanma o‘nlab yillar mobaynida harbiylar tomonidan boshqarilgan va 2011 yilda bu yerda demokratik islohotlar boshlangan.

2015 yilda Myanmada so‘nggi 25 yillikda ilk bor erkin saylovlar o‘tkaziladi, unda Aung San Suu Ki mutlaq g‘alabaga erishadi, ammo farzandlari xorijiy davlat fuqaroligiga ega bo‘lgani tufayli prezidentlik lavozimini egallay olmaydi.

U demokratiya ikonasi hisoblangan, shafqatsiz generallarga qarshi ochiq kurashgani uchun ko‘p yillar mobaynida uy qamog‘ida saqlangan. U hamon asosiy qismi buddizm diniga e'tiqod qiladigan Myanma aholisi orasida katta nufuzga ega.

Ammo tashqi dunyoda uning obro‘si musulmon rohingyalarga nisbatan tutgan pozitsiyasi tufayli keskin yomonlashib ketadi.

Yuqoriga yo‘l
1989 yildan 2010 yilgacha Aung San Suu Ki jami 15 yilni uy qamog‘ida o‘tkazgan, harbiylar unga mamlakatdan qaytish huquqisiz chiqib ketishni taklif qilishgan, ammo u ketishdan bosh tortgan. 1991 yilda u tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotiga sazovor deb topilgan.

Barak Obama boshqaruvi davrida AQSh Birmaga sanksiyalarni bekor qilgan, bu vaqtda u yerda demokratik islohotlar boshlangandi / AFP

Aung San Suu Kining demokratiya va inson huquqlari uchun kurashi uni dunyo bo‘ylab zulmga tinch yo‘l bilan kurashning ramzi sifatida mashhur qilgan.

Hozirda u 75 yoshda. Uning lavozimi «davlat maslahatchisi», ammo barcha uni norasmiy davlat rahbari sifatida ko‘radi. Prezident Min Min uning sodiq va yaqin safdoshi hisoblanadi.

«Befarq bo‘lolmadim»
Aung San Suu Ki - mustamlakachilikka qarshi kurashgan qahramon general Aung Sanning qizi bo‘lgan. 1948 yili Birmaning Buyuk Britaniyadan mustaqilligi uchun kurash vaqtida otasi o‘ldirilganida u ikki yoshda edi.

1960 yilda u Myanmaning Dehlidagi elchisi etib tayinlangan onasi bilan birga Hindistonga yo‘l oladi. To‘rt yil o‘tib Oksford universitetiga o‘qishga kiradi va bu yerda falsafa, iqtisodiyot va siyosiy fanlarni o‘rganadi. O‘sha yerda bo‘lajak turmush o‘rtog‘i, britaniyalik olim Maykl Aris bilan tanishadi.

Bir muddat Yaponiya va Butanda yashaganidan so‘ng u turmush o‘rtog‘i bilan Birlashgan Qirollikda doimiy yashay boshlaydi va ikki farzand - Aleksandr va Kim ismli o‘g‘illarni tarbiyalaydi. Shu bilan birga, u Myanma haqida hech qachon unutmaganini aytadi.

Aung San Suu Ki turmush o‘rtog‘i Maykl Aris va o‘g‘li Aleksandr bilan. 1973 yil, London
ARIS FAMILY COLLECTION/GETTY IMAGES

Aung San Suu Ki 1988 yilda og‘ir bemor bo‘lgan onasiga qarash uchun Rangunga (hozirgi Yangon) qaytadi, bu mahalda mamlakatda siyosiy notinch vaziyat hukm surardi.

Minglab talabalar, davlat xizmatchilari va budda monaxlari ko‘chalarga chiqib, demokratiya talab qila boshlashgandi.

«Otam qizi sifatida bo‘layotgan voqealarga nisbatan befarq bo‘lolmayman», deydi u 1988 yil 26 avgustida Rangundagi mitingda. U o‘shanda harbiy hukmdor, general Ne Vinga qarshi chiqishga rahbarlik qiladi.

Uy qamog‘i
Mahatma Gandi va Martin Lyuter Kingning kuch ishlatishsiz qarshilik ko‘rsatish uslubidan ilhomlangan Aung San Suu Ki mamlakat bo‘ylab to‘xtovsiz safarlarga chiqadi va hammayoqda mitinglar o‘tkazib, islohotlar va erkin saylovlar talab qiladi.

2010 yilda Aung San Suu Ki uy qamog‘idan ozod etiladi / AFP

Ammo namoyishlar 1988 yil 18 sentyabrida davlat to‘ntarishi amalga oshirgan armiya tomonidan kuch bilan bostiriladi. Keyingi yili esa Aung San Suu Ki uy qamog‘iga tashlanadi.

1990 yil mayida harbiy hukumat saylovlar o‘tkazadi va unda Aung San Suu Kining tarafdorlari sezilarli ustunlik bilan g‘alaba qilishadi, ammo xunta saylov natijalarini tan olishdan bosh tortadi.

1995 yil iyulida Aung San Suu Ki uy qamog‘idan ozod etiladi, ammo u poytaxtni tark etishga qo‘yilgan taqiqni buzib, Mandalay shahriga borgani tufayli 2000-yillarda yana qamoqqa tashlanadi.

2002 yil mayida uni yana ozod qilishadi, uning tarafdorlari va hukumatga moyil bo‘lgan guruh o‘rtasidagi to‘qnashuvlardan keyin yana hibsga olinadi.

Aung San Suu Ki o‘z uyida yashashda davom etadi, ammo uyni qattiq qo‘riqlashadi. Dastlabki bir necha yilda u to‘liq izolyatsiya sharoitida bo‘ladi, keyin ahyon-ahyonda partiyadoshlari va xorijiy diplomatlar bilan uchrashish imkoniga ega bo‘ladi. Uning oldiga farzandlari va turmush o‘rtog‘i kirishiga ruxsat berilgan, turmush o‘rtog‘i 1999 yil martida Britaniyada saratondan vafot etadi.

Hukumatdagi harbiylar Aung San Suu Kiga u bilan xayrlashish uchun borishni taklif qilishadi. Ammo u ortga qayta olmasligidan qo‘rqib, bu taklifni qabul qilmaydi.

Siyosatga qaytish
Aung San Suu Kiga 2010 yil noyabridagi saylovlarda ishtirok etishi uchun ruxsat berishmaydi, ammo saylov kunidan olti kun o‘tib u uy qamog‘idan ozod qilinadi. Tez orada o‘g‘li Kim uning oldiga borishga muvaffaq bo‘ladi.

2015 yilda Aung San Suu Kining partiyasi saylovlarda g‘alaba qozonadi / GETTY IMAGES

Hukumat islohotlar amalga oshirishni boshlaganida Aung San Suu Ki va uning partiyasi siyosiy jarayonlarga qo‘shiladi.

2012 yil aprelida bo‘lib o‘tgan oraliq saylovlarda, «Demokratiya uchun milliy liga» 45 parlament mandatidan 43tasini qo‘lga kiritadi. Aung San Suu Ki deputatlikka saylanib, muxolifat yetakchisiga aylanadi.

2013 yil mayida u 24 yil ichida ilk bor mamlakat chegaralaridan tashqariga chiqadi.

Rohingyalar inqirozi
Davlat maslahatchisi bo‘lgan Aung San Suu Ki rohingyalar muammosiga to‘qnash keladi - Myanmaning Rakhayn (Arakan) shtatida yashovchi, bengal tiliga yaqin lahjada so‘zlashuvchi musulmon rohingyalar buddizmga e'tiqod qiluvchi ko‘pchilikning ta'qibiga uchraydi.

Bangladeshga qochgan rohingyalar

2017 yilda «Arakan rohingyalari xaloskorlari armiyasi» ayirmachilari bir necha politsiya uchastkalariga hujum qiladi. Myanma armiyasi bunga qatag‘on bilan javob qaytaradi, xalqaro huquq faollari bu javob haddan tashqari beshafqat bo‘lgan deb hisoblashadi. Minglab rohingyalar qo‘shni Bangladeshga qochib o‘tishga majbur bo‘lishadi.

Gaagadagi BMT xalqaro sudi hozirda Myanmani genotsidda ayblash bo‘yicha ishni ko‘rib chiqmoqda, Xalqaro jinoiy sud esa insoniyatga qarshi jinoyat haqidagi ma'lumotlarni tekshirmoqda.

Aung San Suu Kining xorijdagi sobiq tarafdorlari endilikda qotillik va zo‘rliklarni to‘xtatish uchun hech narsa qilmagani, myanmalik harbiylarning vahshiyliklarini qoralamagani va keng ko‘lamli fojiani tan olmagani uchun uni ayblashmoqda.

Ayrimlar, u murakkab tarixga ega bo‘lgan ko‘p millatli mamlakatni boshqarishiga to‘g‘ri kelgan pragmatik siyosatchi sifatida shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lganini qayd etishgan.

Ammo o‘tgan yili BMT Xalqaro sudida Myanma armiyasini himoya qilishdagi shaxsiy ishtiroki uning xalqaro maydondagi obro‘sini butunlay yo‘qqa chiqaruvchi hal qiluvchi burilish bo‘ldi.

Ammo «Ledi» vatanida ko‘pchilikni tashkil qiluvchi, rohingyalarga dushman bo‘lgan buddistlar orasidagi mavqeyini saqlab qolgan.

Harbiylar poytaxtdagi yo‘llarni to‘sib qo‘yishgan

Bojxona islohotlari
Aung San Suu Ki va uning partiyasi jurnalistlar va siyosiy muxoliflar ta'qib qilingani (bunda mustamlakachilik davrida qabul qilingan qonunlar qo‘llangan) uchun ham tanqidga uchragan.

Ayrim sohalarda taraqqiyot ko‘zga tashlansa-da, harbiylar parlamentdagi o‘rinlarning to‘rtdan bir qismini avtomatik ravishda egallashi davom etdi, ular kuch ishlatar tuzilmalarni, shu jumladan, mudofaa vazirligi, ichki ishlar vazirligi va chegara xizmatini nazorat qilishadi.

2018 yil avgustida Aung San Suu Ki hukumatdagi generallarni «juda mehribon odamlar» deya ta'riflagandi.

Tahlilchilarning fikricha, mamlakatning to‘laqonli demokratiyaga o‘tish jarayoni to‘xtab qoldi. «Harbiylarning so‘nggi harakatlari mulohazasiz qilingan harakatdek ko‘rinmoqda va bu Myanmani xavfli yo‘lga boshlamoqda», deydi BBC’ning Janubiy-Sharqiy Osiyo bo‘yicha korrespondenti Jonatan Hed.

Myanmada Covid-19 bilan bog‘liq vaziyat mintaqadagi eng og‘ir holatlardan biri. Sog‘liqni saqlash tizimi moliyalashtirilishi o‘lda-jo‘lda, karantin ko‘plab oilalarni daromadsiz qoldirgan.

Ammo Aung San Suu Ki xalq orasidagi nufuzini saqlab qolgan. 2020 yilda o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, unga mamlakat aholisining 79 foizi ishonch bildirgan va bu bir yil oldingiga nisbatan 9 foizga ko‘proq.

«Aung San Suu Kining tarixi nafaqat u haqda, balki biz haqimizda ham. Men u o‘zgargan deb o‘ylamayman. Hamisha unga ergashishgan, biz esa uning shaxsiyatidagi murakkabliklarni ilg‘amaganmiz. Kimnidir ikonaga aylantirishdan oldin yaxshilab o‘ylash kerak», deydi BBC bilan suhbatda Amerikaning  Myanmadagi sobiq elchisi Derek Mitchell.

Mavzu
Myanmada harbiylar isyoni
1 fevral kuni Myanmada harbiylar mamlakatning amaldagi rahbari Aung San Suu Kyini hibsga olib, hokimiyat armiya bosh qo‘mondoni Min Auing Hlaingga o‘tganini, bir yil davomida favqulodda holat rejimi amalda bo‘lishini e’lon qilishdi.
Barchasi
Top