08:46 / 02.02.2021
20537
Bitiruvchilarning baholarini OTMga kirish imtihonida inobatga olish tartibi e'lon qilindi

Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta'lim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining baholarini oliy ta'lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olish tartibi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qaror loyihasi prezidentning “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 6 noyabrdagi PF–6108-son farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash hamda abituriyentlarni oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda kirish imtihonlarini takomillashtirish maqsadida ishlab chiqildi.

Farmonning 10-bandiga muvofiq, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta'lim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining shahodatnomasi (diplom ilovasi)ga majburiy 11 yillik ta'limning so‘nggi 6 yillik baholari o‘rtacha ko‘rsatkichi kiritiladi va ushbu ko‘rsatkich 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab oliy ta'lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olinadi.

O‘rta, o‘rta maxsus ta'lim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining baholarini oliy ta'lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olish tartibini Davlat test markazi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Xalq ta'limi vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 iyunga qadar ishlab chiqishi belgilangan.

Qayd etilishicha, mazkur qaror loyihasini qabul qilish zarurati quyidagilardan iborat:

  • mamlakatda ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yanada takomillashtirish;
  • intellektual va ma'naviy salohiyati yuksak yangi avlod kadrlarini tayyorlash;
  • ta'lim tashkilotlari bitiruvchilarining mukammal bilim olishlarini ta'minlash;
  • bitiruvchilarning ta'lim muassasasida umumta'lim fanlari bo‘yicha olgan baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichini oliy ta'lim tashkilotlariga kirish imtihonlarida inobatga olish;

Qaror loyihasida: 

  • tasarrufida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta'lim muassasalari va kasb-hunar maktablari mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab o‘z bitiruvchilarining so‘nggi 6 yillik baholarini aks ettiruvchi elektron platformani yaratishi;
  • Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, tasarrufida umumiy o‘rta ta'lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar o‘z platformalarini o‘zaro hamda Davlat test markazining ABITUR maxsus dasturiga integratsiyasini amalga oshirishi;
  • xorijiy ta'lim muassasalarini tamomlagan, shuningdek, 2023 yilga qadar mulkchilik shaklidan qati nazar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta'lim muassasalari bitiruvchilarining so‘nggi 6 yillik baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichi sifatida shahodatnoma (attestat)dagi (diplom ilovasidagi umumta'lim fanlari bo‘yicha) baholarning o‘rtacha ko‘rsatkichini qabul qilish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, qaror bilan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta'lim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining baholarini oliy ta'lim tashkilotlariga kirish imtihonlarida inobatga olish tartibi tasdiqlanmoqda.

Top