20:14 / 02.02.2021
14170

Cotton Campaign: Fermerlarda paxta shartnomasi tuzish bo‘yicha tanlov mavjud emas

O‘zbekiston hukumati mayda va o‘rta fermerlar yerlarini klasterlarga olib berish siyosatini olib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, qishloq hududlarda yashash imkoniyatlarini barbod qilmoqda. Qolaversa, fermerlarda klasterlar bilan erkin shartnoma tuzish imkoniyati mavjud emas. Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasining 2020 yil paxta hosilida majburiy mehnatga doir hisobotida shu haqda so‘z boradi.

Bundan tashqari, AQSh modalar industriyasi uyushmasi prezidenti Juliya Xyuz fikricha, «O‘zbekiston ishonchli global yetkazib beruvchi bo‘lish imkoniga ega, ammo brendlar va chakana savdo qiluvchilar mas'uliyatli yetkazib beruvchilarni tekshira olishlari uchun monitoring va boshqaruvning shaffof modellari zarur».

Uyushma vitse-prezidenti Neyt Hermanga ko‘ra, «brendlar majburiy mehnatga mutlaq toqatsizlik siyosatini yuritib kelmoqda va O‘zbekiston o‘tmishdagi amaliyot bilan bog‘liq xavotirlarni ortda qoldirish uchun majburiy mehnat paxta yetkazib berish zanjirini buzmasligi borasida yuqori darajada ishonchni ta'minlay oladigan innovatsion modellarni joriy qilishi kerak».

 Hisobotda fermerlar haq-huquqlariga ham to‘xtalingan bo‘lib, ularda klaster bilan shartnoma imzolash borasida tanlov mavjud emasligi tanqid qilingan.

 «Har bir tumanda kamida bitta klaster faoliyat yuritadi. Shu bois, fermerlarda shartnoma imzolash borasida tanlov yo‘q, ularda o‘zlari yetishtirgan paxta narxini belgilash bo‘yicha nazorat yoki muzokara o‘tkazish kuchi mavjud emas. Kamida bir holatda, mustaqil kooperativlarini tashkil etmoqchi bo‘lgan fermerlar ushbu tumandagi klaster bilan shartnoma imzolashdan boshqa chorasi yo‘qligiga doir mahalliy hokimiyat idoralaridan ko‘rsatma olishgan. Paxta yetishtirishni inkor qilgan fermerlar yerlari olib qo‘yiladi.

 Bundan tashqari, hukumat mayda va o‘rta fermerlar yerlarini qishloq xo‘jaligi yuritish uchun klasterlarga olib berish siyosatini yuritmoqda. Bu esa, qishloq joylarda yashash vositalari uchun o‘ta vayronkor oqibatlarga egadir. Bu jarayonlarda ayrim fermerlar qishloq xo‘jaligi ishchilari sifatida klasterlarda ishlamoqda. Bunda ular va ularning xodimlari qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish, chorva boqish va paxtaning qurigan g‘o‘zapoyalarini yig‘ib olish imkoniyatidan mahrum bo‘lmoqda», - deyiladi hujjatda.  

 AFL xalqaro ijrochi direktori Keti Feyngolddan keltirilgan iqtibosga ko‘ra, «O‘zbekiston o‘zining shakllanayotgan tekstil sohasiga investitsiyalar va fuqarolariga iqtisodiy imkoniyatlar qidirar ekan, pastlik tomon korporativ poygaga yo‘l qo‘ymaydigan faol mexanizmlarni barpo qilishda ongli yo‘l tutishi kerak».

 Hisobotda, shuningdek, dunyo tekstil brendlari qanday mamlakatdan mahsulotlarni olishni istashiga ham oydinlik kiritilgan. Brendlar qat'iy monitoring uchun qulay muhitni hamda yetkazib berish zanjiri standartlariga rioya qilishni ta'minlay oladigan kuchli mustaqil fuqarolik jamiyatiga ega bo‘lgan mamlakatdan mahsulotlar olishni istaydi. Ammo, afsuski, uzoq vaqtdan buyon kutilayotgan NNTlar faoliyatini tartibga soluvchi yangi tahrirdagi Kodeks ishlab chiqilganicha yo‘q.

 Shunga binoan, O‘zbekiston hukumati 2021 yilda NNTlar Kodeksini qayta ko‘rib chiqish qadamlarini ortga tashlamasligi hamda mamlakat inson huquqlari sohasida xalqaro me'yorlarga rioya qilishi va xalqaro hamkorlar, jumladan brendlar va investorlarning kutilmalariga muvofiq bo‘lishi uchun mustaqil NNTlarga ro‘yxatdan o‘tishlariga ruxsat berishi kerak.

Mavzuga oid
Top