08:17 / 02.02.2021
31240

Doimiy yashash va vaqtincha bo‘lish joylari bo‘yicha ro‘yxatga olishga doir o‘zgartirishlar kiritildi

Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
 
Hujjat bilan 28.08.2019 yildagi O‘RQ-558-son qonunga hamda Prezidentning 22.04.2020 yildagi PF-5984-son farmoniga muvofiq Prezidentning qator hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda (Toshkent viloyatidan tashqari) boshqa davlatlardan kelgan va doimiy propiska qilinish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar – chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar toifalari ro‘yxatiga (28.08.2018 yildagi PQ-3924-son qaror bilan tasdiqlangan) quyidagilar kiritildi:

xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning oila a'zolari (eri, xotini va voyaga yetmagan farzandlari);

O‘zbekiston Respublikasi hududida tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha korxonalar tashkil qilish uchun kamida 3 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs – xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxona muassisi (ishtirokchisi) hamda ularning oila a'zolari (eri, xotini va voyaga yetmagan farzandlari);

«Faxriy fuqaro» maqomi berilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek ularning oila a'zolari (eri, xotini va voyaga yetmagan farzandlari).
 
O‘zbekiston Respublikasi pasport tizimi to‘g‘risidagi nizom hamda Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning biometrik yo‘l hujjatlari to‘g‘risidagi nizom (5.01.2011 yildagi PF-4262-son farmon bilan tasdiqlangan) 2-1 bo‘lim bilan to‘ldirildi, unda sud ajrimi bilan amal qilishi to‘xtatib turilgan pasport (yo‘l hujjati) o‘rniga yangi pasport (yo‘l hujjati) berish tartibi keltirilgan.
 
Qidiruvda bo‘lgan ayblanuvchi yoki sudlanuvchi respublika hududida ushlangan taqdirda sud ajrimi bilan amal qilishi to‘xtatib turilgan pasport (yo‘l hujjati) ichki ishlar organlari yoki chegara nazorati bo‘linmalari tomonidan ma'lumotlarni yig‘ish punktiga yo‘q qilish uchun jo‘natish maqsadida olib qo‘yiladi. Ayblanuvchiga (sudlanuvchiga) pasporti olib qo‘yilganligi haqida dalolatnoma beriladi.
 
Sud ajrimi bilan pasportining (yo‘l hujjatining) amal qilish muddati to‘xtatib turilgan ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga yangi pasport (yo‘l hujjati) ma'lumotlari yig‘ish punkti tomonidan pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlikka tortilmagan holda, zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab 10 kun ichida beriladi.
 
Tergov hibsxonalari yoki vaqtinchalik saqlash hibsxonalarida saqlanayotgan shaxsga yangi pasport (yo‘l hujjati) rasmiylashtirish ushbu shaxslar saqlanayotgan joyga borgan holda amalga oshiriladi.
 
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomga (26.12.2018 yildagi PQ-4079-son qaror bilan tasdiqlangan) tuzatishlar kiritildi. Fuqaroga xorijda doimiy yashash uchun chiqishiga ruxsat berilganligi to‘g‘risida va hamrohlik qiluvchi shaxslar to‘g‘risida (voyaga yetmagan fuqarolar uchun) pasportga kiritiladigan shtamplar namunalari, ogohlantirish xati namunasi tasdiqlandi. Sud ajrimi bilan amal qilishi to‘xtatib turilgan biometrik pasport yoki xorijga chiqish biometrik pasportini olib qo‘yish va respublikaga qaytish uchun guvohnoma berish tartibi belgilandi. Ushbu norma doimiy yoki vaqtincha konsullik ro‘yxatida turgan shaxslarga tatbiq etiladi.
 
Shuningdek doimiy yashash joyi va vaqtinchalik bo‘lish joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishga doir Prezidentning boshqa hujjatlariga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Top