23:57 / 02.02.2021
5052
Pandemiya vaqtida shifokorlarga 39 million funt sterling to‘plagan 100 yoshli faxriy koronavirusdan vafot etdi

Britaniyada pandemiya vaqtida tibbiy xodimlarga yordam sifatida 39 million funt sterling to‘plagan urush faxriysi Tomas Mur 100 yoshida koronavirus asoratlaridan vafot etdi. 

Foto: EPA

Mur 2020 yil pandemiya boshidagi karantin vaqtida Britaniya Milliy sog‘liqni saqlash xizmatiga yordam sifatida pul yig‘ishni boshlagandan keyin butun dunyoga tanilib ketgandi.    

“Biz qadrli otamiz, kapitan ser Tom Mur vafot etganini katta qayg‘u bilan e'lon qilamiz”, deb ma'lum qilgan marhumning oilasi. 

Ikkinchi jahon urushi faxriysi koronavirus asoratlaridan vafot etdi. U 31 yanvarda Bedforddagi shifoxonaga koronavirus infeksiyasi bilan yotqizilgandi.

Mur pandemiyaga qarshi kurashayotgan tibbiy xodimlarga yordam berish uchun ming funt sterling to‘plashga qaror qilganidan keyin u haqida butun dunyo xabar topgandi. Hassaga tayanib qolgan qariya bu maqsadda “chellenj” e'lon qilib, o‘z bog‘ini yoshiga teng marta, ya'ni 100 marta aylanib chiqishga va'da bergandi. Biroq u bu bilan cheklanib qolmay, ikki marta ko‘proq masofani bosib o‘tgandi. 

OAV faxriy haqida yozishni boshlagandan keyin u haqida ko‘plab odamlar xabar topib, undan ilhomlanib, xayr-ehson qilishni boshlashgan. Natijada qariya dastlab rejalashtirgan mablag‘dan bir necha ming marta ko‘proq pul yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan.  

Keyinroq Britaniya qirolichasi Yelizaveta II Murga ushbu jonbozligi uchun minnatdorlik sifatida ritsar unvonini bergandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top