18:56 / 02.02.2021
5251
Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 fevral kuni Afg‘oniston Islom Respublikasining delegatsiyasi – mamlakat tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar va Prezident Administratsiyasi rahbari Muhammad Shokir Korgarni qabul qildi.

Uchrashuvda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Afg‘oniston hamkorligini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari ikki tomonlama munosabatlarning bugungi sur'atini saqlab qolish va avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ekanini alohida ta'kidladi.

«Bu borada so‘z yuritilganda, avvalo, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va uni yaqin yillarda kamida 2 milliard dollarga yetkazish uchun qulay sharoitlar yaratish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va logistika sohalarida kooperatsiyani kuchaytirish, sog‘liqni saqlash, ta'lim va madaniyat sohalarida muhim dasturlarni amalga oshirishni qayd etish lozim.

Afg‘oniston delegatsiyasi a'zolari O‘zbekiston Prezidentini ko‘rsatilgan samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdilar.

O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta'minlashga qaratilgan qat'iy sa'y-harakatlari uchun chuqur minnatdorlik bildirildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Bugun Toshkent shahrida xalqaro moliyaviy institutlar rahbarlari ishtirokida o‘tgan Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruh birinchi yig‘ilishining samarali yakunlari yuksak baholangan.

Uchrashuvda tomonlar ushbu loyihani tez fursatda tayyorlash va amalga oshirishni boshlash, qabul qilingan «yo‘l xarita»si asosida xorijiy hamkorlar va salohiyatli investorlarni faol jalb qilish muhim ekanini ta'kidlashgan.

Top